SUN’IY INTELLEKT IMKONIYATLARINING SINERGETIK TAHLILI
2026-yil 14-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sinergetika-4: sun’iy intellekt” jamoaviy monografiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir onlayn va oflayn formatda tashkil etildi.
Kitob taqdimotida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktorining o‘rinbosari Nasiba Xoldorova, taqdimoti o‘tkazilayotgan kitob mas’ul muharriri, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor To‘rayev, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori Royiq Bahodirov, siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayev, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Karimov, shuningdek, bir qator olimlar va faylasuflarning ma’ruzalari tinglandi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi nafaqat diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadqiqotlar, balki ilm-fanning boshqa ko‘plab sohalari, xususan, metodologiya masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratib, salmoqli natijalarga erishib kelmoqda. “Sinergetika-4: sun’iy intellekt” kitobi Markaz olimlarining zamonaviy umumfalsafiy metodologiya – sinergetika yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlari samarasidir. Kitob sahifalaridan o‘rin olgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarga Samarqand davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti, Samarqand davlat pedagogika instituti olimlari ham munosib hissa qo‘shishgan.
Kitob “Sinergetika-4: sun’iy intellekt” deb nomlangan. “Falsafa asoslari” kitobida yozilishicha: “Sinergetika – olamning o‘z-o‘zini tashkil etishi, makon va zamonda narsa va voqealarning azaliy ketma-ketligi, o‘zaro aloqadorligi, ularning muayyan tizimlardan iborat sababiy bog‘lanishlar asosida mavjudligini e’tirof etishga asoslangan ilmiy karashlar majmuidir”.
Aslida, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida sinergetika yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib borilayotgani behikmat emas. Sababi, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy bobomizning hadislarni saralash, sahih (ishonchli) va nosahihga (ishonchsiz) ajratish hamda tasniflash metodologiyasi zamirida, aslida, tartib va tartibsizlik uyg‘unligi masalasi mujassam.
Shu o‘rinda o‘zbek olimlarining, xususan, taqdimoti o‘tkazilgan kitob hammualliflarining ilgari nashr etilgan uchta jamoaviy monografiyasida sinergetikaning tayanch tushunchalari batafsil tahlil qilinganini e’tirof etish joiz:
-
Birinchi kitob – “Sinergetika: mohiyati, qonuniyatlari va amaliyotda namoyon bo‘lishi” (2017);
-
Ikkinchi kitob – “Sinergetika-2: nazariya va amaliyot” (2022);
-
Uchinchi kitob – “Sinergetika-3: ma’naviy meros” (2024).
Ushbu jamoaviy monografiyalarda tartib va tartibsizlik, xaos va kosmosning o‘zaro dialektik aloqadorligi sinergetik prizma orqali tushuntirilgan, olamga nisbatan chiziqli va nochiziqli yondashuvning mohiyati ochib berilgan.
Olimlar to‘rtinchi ilmiy tadqiqotda sinergetika metodologiyasini insoniyatning kelajagini ta’minlovchi sun’iy intellekt fenomeniga tatbiq etishga harakat qilishgan. “Sinergetika-4: sun’iy intellekt” kitobining mazmun-mundarijasi keng bo‘lib, sun’iy intellekt tarixi, O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalari taraqqiyoti, sun’iy intellektni sinergetik tafakkur bilan boshqarish, tabiiy va sun’iy intellektning qiyosiy tahlili kabi nihoyatda dolzarb ilmiy muammolar qamrab olingan.
Muxtasar aytganda, ushbu jamoaviy monografiyada sun’iy intellektning jamiyatga ko‘rsatadigan ta’siri falsafiy jihatdan tadqiq etilgan. Zero, sun’iy intellekt imkoniyatlarini sinergetik tahlil qilish nafaqat sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga, balki har bir insonning va kishilik jamiyatining tafakkurini texnologiyalarga qaramlik xavfidan himoya qilishga ham yordam beradi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
Ўзбекча
English
Русский