Keyingi yillarda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni mutolaaga keng jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan kitobxonlik muhitini kuchaytirish, ijodkorlar va noshirlarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda mutolaa madaniyatini hayot tarziga aylantirish yuzasidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar tizimli ravishda bajarilmoqda.
18-iyun kuni Jizzax viloyatining Zomin tumanida bo‘lib o‘tgan davlat arbobi va siyosatchi Qudratilla Rafiqovning “MILLAT SHAVKATI” kitobi taqdimoti avvalida shu haqda so‘z bordi. Ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda muhim voqealardan biri bo‘lgan ushbu tadbir yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ilmiy-tahliliy fikrni qaror toptirish va yosh avlodning dunyoqarashini boyitishga qaratilgan sa’y-harakatlar izchil davom etayotgan bir paytda o‘tkazilgan mazkur tadbir keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Taqdimot Zomin tumanidagi 60-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etildi. Mazkur ta’lim maskani mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tahsil olgan dargoh sifatida ham alohida tarixiy ahamiyatga ega. Shu bois tadbir ishtirokchilari avvalo maktab muzeyi bilan tanishib, unda saqlanayotgan tarixiy hujjatlar, fotosuratlar va eksponatlar orqali Prezidentimiz hayoti va faoliyatining ilk bosqichlarini aks ettiruvchi materiallar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, muzey ekspozitsiyasining boyligi va zamonaviy yondashuv asosida shakllantirilgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Taqdimotda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov, “Xalq so‘zi” – “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist O‘tkir Rahmatov hamda boshqa jamoat arboblari so‘zga chiqib, asarning mazmun-mohiyati, ilmiy-nazariy ahamiyati va keng kitobxonlar ommasi uchun dolzarbligi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Notiqlar kitobda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, davlat va jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari, milliy manfaatlarni ta’minlashga qaratilgan strategik yondashuvlar ilmiy-publitsistik uslubda chuqur tahlil qilinganini alohida ta’kidladilar. Shu bilan birga, asar nafaqat siyosatshunoslar va tadqiqotchilar, balki talabalar, yoshlar hamda keng kitobxonlar ommasi uchun ham muhim manba bo‘lishi qayd etildi.
Kitobda O‘zbekistonning yaqin va uzoq tarixi, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi, Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi hamkorlik muhiti hamda mintaqada kechayotgan geosiyosiy jarayonlar keng tahlil qilingan. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, qo‘shni davlatlar hamda jahonning yetakchi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishi, Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarining mustahkamlanishi hayotiy misollar asosida yoritilgan.
Shuningdek, mamlakatimizda sanoat va ishlab chiqarishni kengaytirish, aholi bandligini ta’minlash, ta’lim va tibbiyot tizimlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, inson qadrini ulug‘lash, mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilishda kasaba uyushmalarining o‘rni kabi dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr yuritilgan. Muallif ushbu jarayonlarning mazmun-mohiyatini chuqur tahlil qilar ekan, mamlakat taraqqiyotining zamirida xalq manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan izchil davlat siyosati mujassam ekanini aniq dalillar va kuzatishlar asosida ochib bergani diqqatga sazovor.
Akademik A.Saidov e’tirof etganidek, ayni muhtasham asar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligiga mo‘jaz va munosib sovg‘a bo‘ldi. Zero, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda milliy davlatchilik taraqqiyotini faqat iqtisodiy yoki siyosiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki millat tafakkuri va dunyoqarashi, ijtimoiy ongi va ma’naviy yuksalishi darajalari bilan ham baholash tendensiyasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ushbuasar so‘nggi ikki yilda chop etilgan 12 publitsistik maqolaning shunchaki bir to‘plami emas, balki Yangi O‘zbekistonda kechayotgan keng qamrovli, shiddatli va tizimli islohotlarning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-falsafiy va ma’naviy-madaniy mazmunini anglashga xizmat qiluvchi yaxlit hamda salmoqli tahliliy mazmundagi siyosiy-publitsistik asardir.
Tadbir yakunida “MILLAT SHAVKATI” kitobining nashr etilishi mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi muhim voqealardan biri sifatida baholandi. Asarning mazmunan boyligi, tahliliy yondashuvi va hayotiy xulosalari Yangi O‘zbekistonda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini anglash, milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini keng jamoatchilikka yetkazish hamda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
