Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Xalqaro gumanitar huquqni ilgari surish bo‘yicha 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi imzolandi

24-iyul kuni poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining (XQXQ) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi o‘rtasida “Xalqaro gumanitar huquqni ilgari surish bo‘yicha 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi”ni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Rejaning imzolanishi tomonlar o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Joriy yilda ushbu hamkorlikka 33-yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi 1993-yilda urush qurbonlarini himoya qilish to‘g‘risidagi 1949 yilgi to‘rtta Jeneva konvensiyasi va ularga Qo‘shimcha protokollarga qo‘shilib, xalqaro gumanitar huquqning asosiy normalariga sodiqligini tasdiqladi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, xalqaro gumanitar huquqning tarixiy ildizlariga nazar soldi. U xalqaro gumanitar huquq shakllanishining boshlang‘ich nuqtasi 1859-yildagi Solferino jangi voqealari, Anri Dyunanning «Solferino jangi haqida xotira» kitobi hamda 1864-yil 22-avgustda birinchi Jeneva konvensiyasining qabul qilinishiga borib taqalishini qayd etdi.

Milliy markaz direktorining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda 1949-yilgi Jeneva konvensiyalarining ishtirokchilari 196 ta davlat hisoblanadi, bu esa ularni zamonaviy xalqaro shartnomalar orasida chinakam universal hujjatlardan biriga aylanganidan dalolat beradi. Gumanitar an’analarning rivojlanishi O‘zbekistonda ham chuqur tarixiy ildizlarga ega. Xususan, 1925-yilda Samarqandda tashkil etilgan O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati 2025-yilda 100-yilligini nishonladi.

Akmal Saidov imzolangan Reja Milliy markaz va XQXQ o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikning mantiqiy davomi ekanini qayd etdi. Eng muhim qo‘shma loyihalar qatorida 2014-yilda «Xalqaro inson huquqlari huquqi va xalqaro gumanitar huquq» o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi tayyorlangani, shuningdek, 2024-yil dekabr oyida Jeneva konvensiyalari va Qo‘shimcha protokollarning lotin imlosiga asoslangan o‘zbek alifbosidagi nashri taqdim etilganiga e’tibor qaratildi.

XQXQning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi rahbari Bilyana Miloshevich Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga uzoq muddatli va izchil sheriklik uchun minnatdorchilik bildirib, Milliy markazning xalqaro gumanitar huquq normalarini milliy amaliyotga integratsiya qilishga qo‘shgan salmoqli hissasini ta’kidladi. Ixtisoslashtirilgan adabiyotlarni tayyorlash, tarjima qilish va nashr etish, shuningdek, talabalar, o‘qituvchilar va yosh mutaxassislar uchun ta’lim dasturlarini tashkil etish orqali yosh avlod bilan ishlash alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Bilyana Miloshevichning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro gumanitar huquqni ilgari surish Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Tashkilot qurolli mojarolar hududlarida gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirmoqda, biroq tinchlik davrida xalqaro gumanitar huquqqa doir bilimlarni tarqatish ham bundan kam ahamiyatli bo‘lmagan vazifa bo‘lib qolmoqda.

Shu ma’noda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlik ushbu yo‘nalishdagi izchil va samarali ishning muvaffaqiyatli namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Yangi Harakatlar rejasi to‘rtta asosiy yo‘nalish, ya’ni:

– nashriyot faoliyati;

– ilmiy-amaliy, ta’limiy va ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish;

– xalqaro gumanitar huquq sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish;

– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida o‘qitish, ilmiy almashinuv va bilimlarni tarqatish uchun doimiy maydonga aylanadigan xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kabinet tashkil etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Tadbir yakunida tomonlar Harakatlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashga tayyor ekanini tasdiqladilar. Imzolangan hujjatning amalga oshirilishi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro gumanitar huquqni ilgari surish va O‘zbekistonda gumanitar ta’limni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 24.07.2026 Ko'rishlar 70
Ulashish