Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Milliy markaz vakillari Nazira as-Salom tavalludiga bag‘ishlangan adabiy anjumanda qatnashdilar

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni sohibi, taniqli shoira va jamoat arbobi Nazira as-Salom tavalludining 70-yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

 Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib, Nazira as-Salomning zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi munosib o‘rni, uning ijodida milliy ruh, Vatanga muhabbat, ma’naviy poklik va inson qadri kabi yuksak g‘oyalar chuqur badiiy ifoda topganini ta’kidladi.

Adabiy anjuman doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidovning qutlovi Nazira as-Salomga taqdim etildi. Tabrikda, xususan, shunday e’tirofli jumlalar bor:

“Mamlakatimiz keng jamoatchiligi Sizni taniqli shoira, jurnalist, muharrir va jamiyatimizning faol a’zosi sifatida yaxshi biladi hamda yuksak qadrlaydi. Sizning mo‘tabar xonadoningiz sulolaviy rishtalari, bir tomondan, xalqimizning mashhur olimi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor G‘aybulloh as-Salom, ikkinchi tomondan, millatimizning ardoqli farzandi – O‘zbekiston xalq shoiri Muhamad Yusuf nomlari bilan uzviy bog‘liq”.

Shuningdek, adabiyotshunos olimlar Nazira as-Salom ijodini ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilib, uning asarlarida milliy va umuminsoniy g‘oyalar uyg‘unligi, she’riy tafakkur, obrazlar tizimi va uslubiy o‘ziga xoslik yaqqol namoyon bo‘lishini qayd etdi. Shuningdek, shoiraning ijodi kelgusida ham ko‘plab ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Anjumanda ishtirok etgan jurnalistlar Nazira as-Salom bilan bog‘liq samimiy xotiralari va ijodiy muloqotlari haqida so‘zlab, uning nafaqat she’riyatda, balki hayotda ham kamtarlik, mehr-muruvvat va insoniylik fazilatlarining yorqin namunasi ekanini e’tirof etdi.

Tadbir davomida shoira ijodining asosiy mavzulari — Vatan, ona timsoli, muhabbat, inson sha’ni, ezgulik va ma’naviy poklanish g‘oyalari haqida atroflicha fikr yuritildi. Qayd etilganidek, Nazira as-Salom she’rlari bugun ham kitobxonlarni ezgulik, mehr-oqibat, Vatanni sevish va inson qadrini ulug‘lashga chorlab kelmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 27.07.2026 Ko'rishlar 77
Ulashish