27-iyul kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti majlislar zalida poytaxt ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Seminar tashkilotchilari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili hisoblanadi. Mashg‘ulotlar “Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusiga bag‘ishlandi.
Ushbu o‘quv seminari Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi. Tadbirni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultonxodjayev ochib berdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, dastavval, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 29-iyunda o‘tkazilgan majlisda profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish istiqbollari haqida alohida so‘z yuritilgani haqida to‘xtaldi. Mamlakatimiz hududlarida mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari uchun o‘tkazilayotgan seminar-treninglar davlatimiz rahbari ayni majlisda ilgari surgan masalalar targ‘iboti bilan uyg‘un tarzda olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi asosida profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, vakolatlari va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash maqsadida “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustida ish olib borilayotgani qayd etildi. Davlatimiz rahbarining profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan ortiqcha vazifalardan ularni xalos etish, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi asosida ishlash samaradorligini baholash, shuningdek, kadrlar tayyorlash jarayonida zamonaviy fanlar — xavf-xatar tahlili, raqamli texnologiyalar, profayling va oilaviy mediatsiya kabi yo‘nalishlarni joriy etish zarurligi haqidagi ko‘rsatmalari yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi.
Mashg‘ulotlar davomida “Inson huquqlari standartlari: nazariyadan amaliyotga”, “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar”, “Gender tenglik. Xotin-qizlar huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va ularning milliy darajadagi implementatsiyasi”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari hamda sohadagi xalqaro standartlar”, “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va mexanizmlar”, “Qiynoqqa qarshi konvensiya va uning ichki ishlar organlari faoliyatidagi ahamiyati” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Ma’ruzalarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilining Toshkent shahri bo‘yicha mintaqaviy vakili Vasila Alimova, Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Kamila Olimova, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kafedra boshlig‘i Dilorom Xudoyberganova va mazkur Akademiya dotsenti Umid Fozilov taqdim etdi.
Shuningdek, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingan joriy yilda mahalla institutining yanada mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishi, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, hududlarni kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik va oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirish borasidagi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. Ayni jarayonda mahalla — tuman (shahar) — viloyat — respublika tizimini takomillashtirish orqali aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish mexanizmlarining g‘oyat muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda profilaktika inspektorlarida jinoyat va huquqbuzarliklarni ochish, tergov qilish hamda ularning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyatida, shuningdek, boshqa xizmatlar, davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik jarayonida zarur bo‘ladigan inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarni shakllantirishga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlarida inson huquqlariga rioya etish va ularni hurmat qilish ko‘nikmalarini hosil qilish masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Tadbir doirasida profilaktika inspektorlaridan bir guruhiga namunali xizmatlari uchun faxriy yorliq, tashakkurnoma va rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.
Seminar-trening yakunida profilaktika inspektorlari test sinovlaridan o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
