Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Boshpanasiz shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 3-avgustda  “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Qarorning asosiy maqsadi — muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olish, ularni jamiyatga to‘laqonli integratsiya qilish hamda ushbu shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus muassasalar faoliyatini takomillashtirishdan iborat.

Prezident Qarori asosida, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining ham bir qator takliflari ma’qullangan. Bu o‘rinda asosan 2-banddagi vazifalar haqida so‘z bormoqda.

Unga ko‘ra, ichki ishlar organlarining Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb qayta nomlanadi.

Boshpanasiz shaxslarni Ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti esa bekor qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab, jumladan: 

  • Ijtimoiy markazlarga boshpanasiz shaxslar ularning roziligi bilan joylashtiriladi;

  • Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana hamda ushbu markazlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi;

  • Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar individual rejalarga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olinadi.

2026-yil 1-oktyabrdan Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi. Ularni kasbga o‘qitish bo‘yicha tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali vaucherlar ajratiladi.

Boshpanasiz shaxslar Ijtimoiy markazlarda bo‘lgan davrida ushbu muassasaga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.

Boshpanasiz shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq davlat boji “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Qaror, shuningdek, nodavlat sektorni keng jalb etish, boshpanasiz shaxslarni aniqlash, ularning shaxsi va huquqiy maqomini belgilash bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligiga qo‘shimcha vakolatlar berishni nazarda tutadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 06.08.2026 Ko'rishlar 177
Ulashish