Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

BMT raqamli makonda bolalarni himoya qilish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirmoqda

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan navqiron insonlarning 80 foizdan ortig‘i internetdan foydalanadi. Daromadi past mamlakatlarda esa aholining aynan shu toifasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining eng katta qismini tashkil etadi.

Shu munosabat bilan BMT dezinformatsiya, onlayn-tahqirlash va sun’iy intellektning “soya” tomonlari borasida asosiy zarbani yosh avlod o‘z zimmasiga olayotgani haqida ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda “BMT yangiliklari” saytida xabar berildi.

Ya’ni, 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni arafasida e’lon qilingan yangi tahliliy ma’ruzada BMT mamlakatlar, texnologiya kompaniyalari, reklama beruvchilar, OAV va tadqiqotchilarni bolalarni himoya qilish hamda ularning bu muammoni hal etishga jalb qilinishini ustuvor vazifa sifatida belgilashga chaqirdi.

O‘tgan oy BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish rivojlanayotgan sun’iy intellekt texnologiyalarini hali sinovdan o‘tmagan dori-darmonlarga qiyoslab, nazoratni kuchaytirishni talab qildi. Shuningdek, u xalqaro hamjamiyatni “Sun’iy intellekt sohasida bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha global majburiyat”ni qabul qilishga chorladi.

A. Guterrish iyul oyida SI boshqaruvi bo‘yicha birinchi Global muloqot chog‘ida ham ayni mavzuga to‘xtalib, “Hech bir bola tartibga solinmagan sun’iy intellekt uchun tajriba quyonchasi bo‘lishi kerak emas”, deya uqtirgandi.

BMT hisobotida yoshlar internetda duch kelayotgan tahdidlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmayotganligi ta’kidlanadi. Bu tahdidlar e’tiborni va shaxsiy ma’lumotlarni monetizatsiya qiluvchi biznes-modellar hamda shunga mos dizayn yechimlarining bevosita oqibatidir.

Odatlari, shaxsiyati va ijtimoiy aloqalari endigina shakllanayotgan bolalar foydalanuvchilarni internetdan majburiy (kompulsiv) foydalanishga undaydigan qaramlikka olib keluvchi algoritmlar, “lutbokslar” va boshqa hiyla-nayranglar oldida ayniqsa himoyasizdir.

Sun’iy intellektning rivojlanishi uni jadal joriy etishni tartibga solishga qaratilgan sa’y-harakatlardan o‘zib ketib, dipfeyklar va generativ kontentdan tortib SI yordamidagi ekspluatatsiyagacha bo‘lgan mavjud tahdidlarni yanada kuchaytirmoqda.

Bundan tashqari, hisobotda onlayn xarajatlarni oshirish uchun qo‘llaniladigan yashirin reklama texnologiyalariga ham ishora qilinadi.

Hisobot mualliflari bolalar va yoshlar shunchaki potensial jabrdiydalar emasligini alohida ta’kidlaydi. Ular kontent yaratuvchilari, huquq himoyachilari va yoshlar harakatlarining tashkilotchilari sifatida ham maydonga chiqmoqda.

Biroq, bunday harakatlarga kuch bag‘ishlaydigan o‘sha onlayn-platformalarning o‘zi ularning yetakchilarini – ayniqsa qizlar, ozchilik vakillari va faollarni – kiberbulling hamda kuzatuvga duchor qilmoqda.

Tadqiqotlarda va axborot muhitini himoya qilishga qaratilgan qonunlarni ishlab chiqishda yoshlarning fikrlarini inobatga olish zarur, deya qayd etadi hisobot mualliflari.

“Bolalar va yoshlar bugungi axborot inqirozidan eng ko‘p aziyat chekayotganlar va ayni paytda, uni hal etishga eng yaxshi yordam bera oladiganlar sirasiga kiradi”, – dedi BMTning axborot yaxlitligi bo‘yicha katta maslahatchisi Sharlotta Skeddan. – Yoshlarni himoya qilish va ularni muloqotga jalb etish bir-birini inkor etadigan maqsadlar emas. Biz har ikkisini ham amalga oshirishimiz kerak”.

Hisobotda ta’kidlanishicha, hukumatlar va jamoat tashkilotlari dizayn, maqsadli reklama, kontent moderatsiyasi va maxfiylik to‘g‘risidagi qonunlar muhokamasida internetda bolalar xavfsizligi mavzusini tobora birinchi o‘ringa olib chiqmoqda.

Biroq sun’iy intellekt ommalashgani sari, bolalar huquqlarini SIni boshqarish standartlariga kiritish uchun imkoniyatlar darchasi tobora jadal yopilib bormoqda.

Hujjatda aniq qadamlar taklif etilgan: mamlakatlar qonunchilik bazasini shakllantirishi, texnologiya kompaniyalari bolalarni himoya qilishning o‘rnatilgan mexanizmlarini joriy etishi, reklama beruvchilar bola huquqlarini foydadan ustun qo‘yishi, OAV yosh auditoriya uchun sifatli kontent yaratishi, mutaxassislar esa, ayniqsa, Global Janub mamlakatlarida ma’lumotlardagi bo‘shliqlarni bartaraf etishi lozim.

BMT Global muloqot hamda ushbu texnologiyaning imkoniyatlari va xatarlarini baholash uchun tuzilgan organ – Sun’iy intellekt bo‘yicha mustaqil xalqaro ilmiy guruh orqali sun’iy intellektni tartibga solishga ko‘maklashishda davom etmoqda.

“Raqamli texnologiyalar va axborot muhiti rivojlanishda davom etar ekan, hozirgi fursat bizga tamoyillar deklaratsiyasidan amaliy harakatlarga o‘tish imkonini beradi”, – deyiladi hisobotda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Nashr sanasi 18.08.2026 Ko'rishlar 19
Ulashish