Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

21-avgust kuni poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash marosimi bo‘ldi.

Memorandumni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, professor Baxshillo Xodjayev imzoladilar.

Tomonlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning nazariy-amaliy ahamiyatini yuqori baholadilar. Ushbu Memorandum ikki tashkilot o‘rtasida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, yuridik ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, ilg‘or milliy va xalqaro tajribani o‘rganish hamda yosh huquqshunoslarning kasbiy salohiyatini oshirish sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani ta’kidlandi.

Tadbir davomida tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Memorandumning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan batafsil fikr almashiladi.

Memorandum doirasida inson huquqlari sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshiriladi, konferensiya, seminar, davra suhbati va treninglar tashkil etiladi. Shuningdek, ekspertlar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida ilmiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri – inson huquqlari sohasida ilmiy va ta’limiy kontentni takomillashtirish hisoblanadi. Bunda zamonaviy o‘qitish metodikalarini joriy etish hamda milliy qonunchilik va xalqaro standartlarni o‘zaro uyg‘unlikda o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining inson huquqlari bo‘yicha ilmiy-ekspertlik salohiyati bilan Toshkent davlat yuridik universitetining  ta’lim, ilm-fan hamda yosh kadrlar tayyorlash borasidagi imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Milliy markaz bilan Universitetning inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish bo‘yicha orttirgan katta tajribasi o‘zaro hamkorlik doirasida yuridik ta’limni amaliyot bilan yanada yaqinlashtirish imkonini beradi.

Tomonlar, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy va xalqaro mexanizmlar, huquqiy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik hamkorlik va yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish sohalarida tajriba va axborot almashishni rivojlantirishni maqsad qilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 21.08.2026 Ko'rishlar 94
Ulashish