Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

So‘z erkinligi — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining zarur sharti

Mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston davlat mustaqilligi 35-yilligining yuksak shukuhi hali ham kezib yuribdi. Shu ma’noda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati hamda «Hayot va qonun» jurnali tahririyati vakillarining  faxriy jurnalist Sobir ota Qurbonov xonadonidagi uchrashuvi bayramona kayfiyatda boshlangani bejiz emas.

Suhbat avvalida Istiqlol samaralari, ayniqsa, keyingi o‘n yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida erishilgan bemisl yutuqlar haqida so‘z bordi. Bu muvaffaqiyatlar xalqimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyoti, Vatanimizning jahon maydonidagi obro‘-e’tibori yuksalishiga nechog‘lik ulkan hissa qo‘shganligi e’tirof etildi.

 Sobir ota 1984-1987-yillarda O‘zbekiston Matbuot qo‘mitasi raisi bo‘lgan, shuningdek, bir muddat O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasiga rahbarlik qilgan, O‘zbekiston radio va televideniyesida sharhlovchi bo‘lib ishlagan. Shuning uchun suhbat mavzusi mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil islohotlarning mohiyati hamda ahamiyati talqiniga ulanib ketganligi tabiiy.

Muloqot asnosida qayd etilganidek, erkin jurnalistika — taraqqiyotning zarur sharti. Binobarin, Prezidentimiz demokratiya, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ommaviy axborot vositalari eng muhim omillardan biri ekanini muntazam ta’kidlab kelmoqda.

Bugungi kun talabi shunday: milliy ommaviy axborot vositalari davlat va jamiyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarishi lozim. Bunda ommaviy axborot vositalari nafaqat muammolarni olib chiquvchi, balki xalqni umummilliy manfaatlar atrofida birlashtiradigan qudratli ma’naviy kuch bo‘lishi ham farzu qarzdir.

O‘z navbatida, faxriy jurnalist Sobir Qurbonovning fikricha, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uning maqomini oshirish va islohotlardagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlar kutilgan natijalarni bermoqda. Keyingi davrda Uyushma jurnalistlarning huquqlarini himoya qilish, ularga huquqiy, axborot-texnologik yordam ko‘rsatish, professional birdamlikni mustahkamlash hamda xalqaro kasbiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratayotgani juda muhim.

Ma’lumki, 8-sentyabr – Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni. Ushbu sana Xalqaro jurnalistlar tashkiloti IV kongressining qaroriga asosan 1958-yildan buyon dunyo miqyosida nishonlab kelinmoqda. Xalqaro jurnalistlar tashkilotining Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan o‘sha kongressi deputatlarining fikricha, Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni barcha mamlakatlar va davriy nashrlar jurnalistlari butun dunyoga o‘zlarining ahilligini, ayniqsa, o‘z huquqlarini himoya qilish borasida birdamligini namoyish etishlari uchun zarur.

Shu nuqtayi nazardan, har yili mazkur sanada dunyoning turli mamlakatlari jurnalistlarini bir joyda jamlaydigan qurultoy va anjumanlar o‘tkaziladi. Bu jarayonda o‘zaro tajriba almashish hamda soha peshqadamlarini taqdirlash yaxshi an’anaga aylangan.

 Mamlakatimizda so‘z erkinligi va jurnalistlar himoyasini kuchaytirish masalasi jamiyat va davlatning alohida e’tiborida turibdi. Ayni chog‘da, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sun’iy intellekt imkoniyatlari jadal ortib borayotgan bir sharoitda soxta axborotga, ya’ni feyklarga qarshi professional mahorat va mas’uliyat bilan kurashish talab etilishini zamondosh hamkasblarimiz teran anglagan holda ish olib borayotganlari tahsinga loyiq.

Suhbat yakunida Sobir ota yo‘qlov uchun samimiy minnatdorchilik izhor etib, yurtimizga tinchlik va baraka, soha vakillariga ijodiy zafarlar tiladi. Eng ulug‘ va eng aziz bayram hamda tavallud kuni munosabati bilan ko‘rsatilgan e’tibordan mamnunligini bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 07.09.2026 Ko'rishlar 37
Ulashish