10-sentyabr kuni mamlakatimizning barcha hududlarida navbatdagi «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan Ekologiya milliy qo‘mitasi davlat va nodavlat tashkilotlar hamda aholini aksiyada faol ishtirok etishga, elektromobil, velosiped va jamoat transporti kabi ekologik toza transport vositalaridan ko‘proq foydalanishga chaqirdi.
Diqqat! «Avtomobilsiz kun» va «Avtomobilsiz hafta» aksiyalari doirasida davlat fuqarolik xizmatchilarining avtotransport vositalaridan foydalanishi javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martda qabul qilingan “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tashabbus avtotransport vositalaridan havoga chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirish va bu orqali ekologik barqaror muhitni shakllantirish, shuningdek, jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
