Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2026-yil 24-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya qabul qilindi. Mazkur hujjatga dunyoning barcha mintaqalarini ifoda etuvchi 61 ta BMTga a’zo davlat hammualliflik qilgan.
Rezolyutsiyada parlamentlar ijtimoiy taraqqiyotning faol ishtirokchisi sifatida e’tirof etilgan. Unda milliy qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, munosib mehnat va bandlikni ta’minlash, sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda ijtimoiy inklyuziyani ta’minlashda parlamentlarning roliga alohida e’tibor qaratilgan.
Bugungi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlar, iqlim o‘zgarishi, demografik o‘zgarishlar, mehnat bozoridagi yangi tendensiyalar hamda raqamli transformatsiya ijtimoiy taraqqiyot oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bunday sharoitda inson qadrini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, munosib mehnat va bandlik uchun sharoit yaratish, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada mamlakatimizda izchil ijtimoiy siyosat amalga oshirilmoqda. Buning natijasida kambag‘allik darajasi 35 foizdan 5,8 foizga tushirildi. Aholi uchun barpo etilayotgan uylar soni 10 barobarga ko‘paydi. 8,5 million nafar ehtiyojmand aholining daromadlari oshirilgan.
O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya mamlakatimizning ijtimoiy sohadagi islohotlarining xalqaro e’tirofi, parlamentning tobora ortib borayotgan rolining xalqaro darajadagi ifodasi bo‘ldi.
Rezolyutsiyada parlamentlarda xotin-qizlar va yoshlar ishtirokini kengaytirish, raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini kuchaytirish vazifalari belgilangan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
