29-sentyabr kuni Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumining yakuniy yalpi majlisi bo‘ldi. Ushbu an’anaviy xalqaro tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, YEXHT, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi hamda Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forum «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik» mavzusiga bag‘ishlandi. Uning tantanali ochilishi, Yuqori darajadagi va Milliy markaz yubileyiga bag‘ishlangan yalpi majlislari, shuningdek, 7 ta sho‘ba sessiyalari Toshkent shahrida o‘tkazildi.
Samarqanddagi yakuniy yalpi majlis parallel tarzda tashkil etilgan sho‘ba sessiyalari natijalari bo‘yicha umumiy xulosalar va takliflar taqdimotidan boshlandi. Barcha sessiyalar moderatorlari ayni masala yuzasidan so‘zga chiqdilar.
Forum davomida ana shu taqdimotlar asnosida bildirilgan xulosa va takliflar inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini mustahkamlash nuqtayi nazaridan umumlashtirildi. Yakuniy hujjatda aks ettiriladigan amaliy tavsiyalar shakllantirildi.
O‘z navbatida, «Samarqand tasavvuri – 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi global hamkorlik» nomli Yakuniy hujjat loyihasi Forum ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi. Uni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov taqdim etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumining Yakuniy hujjatida «Strategik tasavvur» iborasining qo‘llanilgani bejiz emas. Chunki ayni hujjat inson qadr-qimmati va tenglikni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini mustahkamlash hamda barqaror taraqqiyotni rag‘batlantirish yo‘lida xalqaro hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Forum ishtirokchilari e’tirof etganlaridek, joriy yilda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumiga asos solinganiga 8-yil bo‘ldi. An’anaviy tarzda har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va samarador yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.
Dastlab 2018-yilda Samarqandda Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi o‘tkazildi. 2020-yilda yoshlar huquqlariga, 2022-yilda esa inson huquqlari sohasidagi ta’lim masalalariga bag‘ishlangan forumlar tashkil etildi. 2024 yilgi To‘rtinchi Samarqand forumida ekologik tahdidlar va ularning inson huquqlariga ta’siri muhokama qilindi. Beshinchi Samarqand forumi ana shu ezgu an’ananing mantiqiy davomi bo‘ldi.
Bugun insoniyat murakkab va bir-biri bilan chambarchas bog‘langan global sinovlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt va yangi raqamli texnologiyalarning jadal rivoji inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavf-xatarlarni ham yuzaga chiqarmoqda.
Shu bois inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini zamonaviy voqeliklar asosida takomillashtirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi dasturi ham aynan shu maqsad va vazifalarga qaratildi. Forum ishtirokchilarining e’tirof etishicha, ushbu yirik xalqaro tadbirni o‘tkazishdan kutilgan maqsad va natijalarga erishildi.
Birinchidan, strategik siyosiy tavsiyalar: Xalqaro majburiyatlarni ijro etish, taraqqiyot huquqini ilgari surish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni mustahkamlash va barqaror rivojlanishga inson huquqlariga asoslangan yondashuvni joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ikkinchidan, kengaytirilgan xalqaro hamkorlik va sheriklik: Hukumatlar, BMT, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlandi.
Uchinchidan, bilim va ilg‘or tajribalar almashinuvi: Milliy standartlarni amalga oshirish, institutsional innovatsiyalar va asoslangan qarorlar qabul qilish bo‘yicha tajriba almashinuvini rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi.
To‘rtinchidan, milliy salohiyatni mustahkamlash: Xalqaro majburiyatlarni bajarish, idoralararo muvofiqlashtirish hamda milliy mexanizmlar faoliyatining salohiyatini oshirish borasida sezilarli qadamlar qo‘yildi.
Beshinchidan, inson huquqlarining yaxlit kun tartibini ilgari surish: Barcha inson huquqlari, ekologik muammolar, iqlim harakatlari, raqamli texnologiyalar, gender tenglik va zaif qatlamlarni himoya qilishning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlovchi kompleks yondashuvlar shakllantirildi.
Oltinchidan, Samarqand forumini doimiy xalqaro muloqot platformasi sifatida mustahkamlash: Forumning global miqyosdagi nufuzi va inson huquqlarini samarali ta’minlashdagi tutgan o‘rni yanada yuksaldi.
Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi ishtirokchilari chinakam mehmondo‘stlik ko‘rsatilgani va Forum yuksak darajada o‘tkazilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorchilik bildirdilar.
Ishtirokchilarning yakdil fikri shunday bo‘ldi: Inson huquqlari bizni bir-birimizga – kechamiz, bugunimiz va ertamizni o‘zaro bog‘lab turadigan makondir. Ushbu aloqalarni mustahkamlash uchun kuch va imkoniyatlarni birlashtirib, biz hamma uchun yaxshi va barqaror dunyoni qurmoqdamiz. Barchamizni birlashtirib turadigan bosh g‘oya esa – butun dunyoda inson qadrini ulug‘lash, tenglikni ta’minlash va har bir insonning huquq va erkinliklarini hurmat qilishdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
