Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Toshkentda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizda Inson huquqlari bo‘yicha Beshinchi Samarqand forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60 yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lida global hamkorlik” mavzusiga bag‘ishlangan.

Xalqaro anjumanda xalqaro, mintaqaviy va milliy tashkilotlarning 200 nafardan ortiq vakili an’anaviy hamda onlayn formatlarda ishtirok etdi. Ular orasida 10 ta xalqaro tashkilot, 8 ta mintaqaviy tuzilma, xorijiy davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha 8 ta milliy instituti vakillari, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi ekspertlar, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari hamda biznes doiralari vakillari bor.

Ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl so‘zga chiqdi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk hamda Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi Prezidenti Miryana Spolyarichning tabriklari o‘qib eshittirildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus va YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi direktori Mariya Telalyanning video-murojaatlari namoyish etildi.

 

Forumning birinchi kuni Toshkent shahrida ikki yalpi majlis va parallel ravishda yettita sho‘’ba sessiyasi o‘tkazilmoqda. Anjumanning ikkinchi kuni Samarqand shahrida davom etadi. Yakunlovchi yalpi majlisda forumning yakuniy hujjati muhokama qilinib, qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, YeXHT, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi hamda Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Kamola YUSUPOVA,
Farhod ABDURASULOV (surat), O‘zA

Nashr sanasi 30.09.2026 Ko'rishlar 6
Ulashish