Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Milliy statistikada ma’lumotlarni boshqarishning yangi modeli joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimiz aholisi 1989-yildan buyon qariyb ikki barobar, iqtisodiyotimiz esa so‘nggi sakkiz yilda ikki karra o‘sdi. Bunday o‘zgarishlar aholi tarkibi, yashash manzillari, yer resurslari, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat manbalari to‘g‘risida aniq va ishonchli ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirdi.

Shu maqsadda joriy yilda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari bo‘yicha axborot berildi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, yurtimizda doimiy aholi soni 39 million 47 ming nafarni tashkil etdi. Amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritildi.

Amaldagi ma’lumotlar bilan solishtirganda Jizzax viloyati aholisi 2,7 foiz, Namanganda 1,3 foiz, Surxondaryoda 0,9 foiz va Qashqadaryoda 0,7 foiz kam ekani aniqlandi. Buxoro viloyatida ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan, boshqa hududlarda esa o‘sgan. Xususan, Toshkent tumani aholisi avvalgi hisobga nisbatan 1,6 barobar ko‘p, Andijon shahrida esa 15,8 foiz kam ekani ma’lum bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi aniqlashtirildi. Shundan 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi.

Jarayonlarning raqamlashtirilgani hisobiga ro‘yxatga olish xarajati aholi jon boshiga 1,5 ming so‘mdan oshmadi. Bu MDH davlatlaridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 15 barobar kam. Internet orqali ro‘yxatga olish qamrovi 82,3 foizni tashkil etdi. Barcha jarayonlar 15 kunda yakunlanib, O‘zbekiston ro‘yxatga olish tezligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi.

image

Ro‘yxatga olish natijalari asosida aholi va qishloq xo‘jaligining doimiy yangilanib boradigan statistik registrlari shakllantiriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga oid 100 ta, qishloq xo‘jaligi va ekin maydonlariga doir 50 ta ko‘rsatkich yangilanadi. Shuningdek, 2017-2025-yillar uchun milliy hisoblar ko‘rsatkichlari qayta baholanadi.

Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23 foizni yoki 246 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Qishloq xo‘jaligida umumiy aylanmaning 60 foizi ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mehnat bilan band bo‘lgan 15,2 million aholining 6,5 millioni yoki 42 foizining daromadlari rasmiy hisobda to‘liq aks etmayapti. Ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes sub’ektlari amalda ishlamaydi yoki faoliyatini to‘xtatgan.

Mazkur holat halol ishlayotgan va soliq majburiyatlarini to‘liq bajarayotgan korxonalar uchun nosog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda. Har 4-5 so‘mlik iqtisodiy aylanmaning 1 so‘mi rasmiy statistika e’tiboridan chetda qolmoqda. Ushbu faoliyatni tartibga solish byudjetga qo‘shimcha o‘nlab trillion so‘m tushum ta’minlash va kelgusida soliq yukini kamaytirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifi ma’qullandi. Uning doirasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkazilib, sub’ektlarning holati, tarkibi va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha taqsimotiga aniqlik kiritiladi. Korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi statistik registrlar yangilanib, tanlanma kuzatuvlar uchun ishonchli asos yaratiladi.

image

Milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha rejalar ham ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlar taqdim etadigan hisobot yukini 20 foizga qisqartirish, ma’muriy va muqobil ma’lumotlar manbalari sonini 1,7 barobar oshirish, ularga ishlov berish vaqtini 20 foizga va xarajatlarni 25 foizga kamaytirish maqsad qilingan.

Ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha yagona yondashuvni shakllantirish maqsadida vazirlik va idoralar ishtirokida Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish taklif qilindi.

Komissiya joriy yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlaridagi ma’lumotlarni boshqarish tizimlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi, 2027-yil 1-maygacha ularni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.

2027-yil 1-iyulga qadar Milliy ma’lumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Platforma ma’lumotlarni yagona tizimga integratsiya qilish, ularning sifati va xavfsizligini ta’minlash, tahlil va zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Ochiq ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha loyiha ofisini tashkil etish va davlat idoralari uchun “Ochiq ma’lumotlar reytingi”ni joriy qilish taklif etildi.

Statistika sohasida kadrlar tayyorlash va tadqiqotlarni kengaytirish maqsadida Ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv maktabini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda davlat idoralari, biznes, statistika organlari, ommaviy axborot vositalari, tadqiqotchilar va talabalar uchun ma’lumotlarni boshqarish, biznes-tahlil, sun’iy intellekt, ma’lumotlar jurnalistikasi va vizualizatsiya bo‘yicha o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

image

Milliy statistika tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish ham kengaytiriladi. 2027-yil 1-iyulga qadar statistik ma’lumotlar sun’iy intellekt tizimlari o‘qiy oladigan formatlarda e’lon qilinadi. Statistik ko‘rsatkichlarni taqqoslash va chuqur tahlil qilish imkonini beruvchi sun’iy intellekt agentlari joriy etiladi. 2027-yil yakuniga qadar aholi, demografiya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid ma’lumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettiriladi.

Shuningdek, 2027-2028-yillarda Multiindikator klaster kuzatuvining yettinchi raundini o‘tkazish hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi ishtirokida milliy statistika tizimining xalqaro standart va kodekslarga muvofiqligini baholash rejalashtirilgan.

Taqdimotda “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Unda statistika tizimini muvofiqlashtirish va ma’lumotlar sifatini ta’minlash, xalqaro standart va metodologiyalarni joriy etish, raqamli transformatsiya, ma’muriy va muqobil ma’lumotlardan keng foydalanish hamda foydalanuvchiga yo‘naltirilgan ochiq statistikani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.

Davlatimiz rahbari aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash, hudud va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ri qarorlar qabul qilishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.

Mutasaddilarga ro‘yxatga olish natijalarini chuqur tahlil qilib, davlat dasturlarida keng qo‘llash, biznesni ro‘yxatga olish tadbirini sifatli uyushtirish, ma’lumotlarni boshqarishning yagona tizimini joriy qilish hamda milliy statistika tizimini xalqaro standartlar asosida izchil rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘zA

Nashr sanasi 02.09.2026 Ko'rishlar 66
Ulashish