1962 yilda katta ekranlarga chiqqan, Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan “Sen yetim emassan” nomli kino asar muallifini bugungi yoshlar balkim bilmas, lekin o‘z davrida Rahmat Fayziy ssenariysi asosida yaratilgan ushbu film nafaqat yurtimiz osmonida porladi, balki uzoq xorijiy davlatlarda ham ko‘zda yosh bilan, iliq kutib olindi.
Ikkinchi jahon urushining butun mashaqqatlarini, dahshatli oqibatlarini jajji qalblar qiyofasida gavdalantira olgan, yuksak insoniylikni, ayniqsa o‘zbek millatining ruhiyatini, bag‘ri kengligini, mehr-oqibatini ko‘rsatib bergan film katta sahnada shuhrat qozona oldi. Hozirgi davrda ham bu kino insonlarga ma’naviy-ruhiy ozuqa bera oladi va dolzarbligini hamon yo‘qotmagan. Zero, ushbu asar adib egallagan cho‘qqining yuqori nuqtasi emasdi, bu katta ijod yo‘lidagi dastlabki shonli pillapoyalar edi xolos.
Bu jihatlar Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida o‘tkazilgan xotira kechasida yozuvchi-shoirlar, fan arboblari, adabiyotshunos olimlar, adibning yaqin do‘stlari tomonidan yana bir bora e’tirof etildi. Jumladan, o‘quvchilar qalbidan chuqur joy egallagan “Hazrati inson” romani yozuvchi ijodidagi kulminatsiya ekanligi va bu asar Rahmat Fayziyga yurtimiz va dunyo kitobxonlari orasida katta shuhrat olib kelganligi ta’kidlandi.
Xotira kechasida yozuvchining yaqinlari, oila a’zolari, ko‘p soni muxlislari jam bo‘lishdi va har birlari o‘zlarining adib hayoti va ijodi bilan bog‘liq yorqin xotiralarini gapirib berishdi. Tadbir davomida yig‘ilganlarga yozuvchi hayoti va ijodiga bag‘ishlangan film namoyish etildi.
San’at muzeyida yorqin lahzalarga muhrlangan tasvirlar, yozuvchi asarlaridagi qahramonlari obrazlari aks etgan ko‘rgazma muxlislar e’tiboriga havola etildi.
Rahmat Fayziyning adabiy merosi serqirra, chuqur mushohadalarga chorlaydigan obrazlarga boy va ular orqali siz o‘zbek xalqining ma’naviyati va ma’rifatini, bag‘rikengligini ko‘rib, ularga o‘xshashga, mehr ulashishga harakat qilasiz. Adibning yutug‘i ham shunda, atrofdagi voqealarni real hayotdan olib, kitobxonlarga mahorat bilan yetkaza biladi, o‘sha davr muhitini tasvirlay oladi, odamlarning dardi bilan yashaydi va o‘zidan keyin o‘chmas nom qoldiradi. Xotira kechasida ushbu so‘zlar bot-bot yangradi va shunday uchrashuvlarni davom ettirish yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi, kitobxonlar safining ko‘payishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA
- Qo'shildi: 30.10.2025
- Ko'rishlar: 171
- Chop etish
 Ўзбекча
 Ўзбекча English
 English Русский
 Русский 
                                