Davlatimiz rahbari bo‘lajak tadbirlar Buxoroning boy tarixiy merosi va bugungi salohiyatini namoyon etish bilan birga, viloyatni rivojlantirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Buning uchun tayyorgarlikni tadbirlar o‘tadigan joylar bilan cheklamay, transport, xizmat ko‘rsatish, xavfsizlik va shahar infratuzilmasini yaxlit holda rivojlantirish zarur.

Yig‘ilishda oliy darajadagi uchrashuvlar va yirik xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Har bir vazirlik va idoraga xorijiy hamkorlar bilan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mazmunli muloqotga tayyorgarlik ko‘rish, mamlakatimizdagi islohotlarning amaliy natijalarini ko‘rsatish va yangi qo‘shma tashabbuslar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Jamoat xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Buxoroda zamonaviy vaziyat markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, jamoat joylari va sayyohlik obyektlaridagi holatni raqamli texnologiyalar yordamida kuzatish, yo‘l harakatini boshqarish hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi. Mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika inspektorlari va «mahalla yettiligi» hamkorligini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Prezidentimiz Buxoroga kelgan mehmon avvalo aeroport, vokzal va yo‘llar holatiga e’tibor qaratishini ta’kidladi. Shu bois qiymati 300 million dollar bo‘lgan yangi xalqaro aeroport qurilishi, uni shahar bilan bog‘lovchi 23,5 kilometrlik yo‘lni barpo etish va yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish ishlari ko‘rib chiqildi. Temir yo‘l vokzallari atrofini obodonlashtirish, avtoturargohlar, yoritish, servis va jamoat transporti qatnovini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shahar va tumanlarni vokzallar bilan bog‘lash uchun qo‘shimcha 120 ta avtobus jalb etish belgilandi.

Buxoroning iqlim sharoitini hisobga olgan holda yashil hududlarni kengaytirish, daraxt va butalar ekish bilan birga, ularning parvarishi uchun sug‘orish hamda drenaj tizimlarini tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Xalqaro tadbirlardan investitsiya va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Sanoat kooperatsiyasi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, transport-logistika va eksport sohalarida xorijiy sheriklar bilan amaliy kelishuvlarga erishish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, viloyatda qayta tiklanuvchi energetika loyihalari, elektr energiyasini uzatish va saqlash infratuzilmasini rivojlantirish ishlari muhokama qilindi.

Buxoroning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlarini kengroq namoyon etish bilan birga, mehmonlarni hududdagi zamonaviy korxonalar, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlar bilan bevosita tanishtirish muhimligi qayd etildi. Aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi o‘zgarishlarni ham amalda ko‘rsatish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari tayyorgarlik jarayonida quriladigan har bir obyekt va joriy etiladigan har bir tizim tadbirlardan keyin ham buxoroliklarga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi. Mutasaddilarga hududlarga chiqib, ishlarning borishini shaxsan o‘rganish, muammolarni joyida hal etish va barcha vazifalar ijrosini qat’iy muvofiqlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati