Senat Raisi Jenevada Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining kotibiyati rahbari bilan uchrashdi

Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining kotibiyati rahbari Beate Andres bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini takomillashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlash hamda munosib mehnat tamoyillarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga eʼtibor qaratildi.

Beate Andres mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish, qo‘shma dastur va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidladi.

Xalqaro mehnat standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, suhbat davomida joriy yilning 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 12-Global yosh parlament aʼzolari konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. MOT mazkur nufuzli xalqaro anjumanning tashkil etilishiga ko‘maklashish hamda tashkilot vakillarining unda qatnashishidan manfaatdor ekanini bildirdi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech