UNICEF: Yaqin Sharqda harbiy harakat kuchayishi oqibatida 2100 dan ortiq bola halok bo‘lgan yoki yaralangan
Yaqin Sharq mintaqasida harbiy holat kuchaya boshlangandan beri 2100 dan ortiq bola halok bo‘ldi yoki yaralandi, deya ma’lum qildi UNICEF ijrochi direktori o‘rinbosari Ted Chayban.
– 2100 dan ko‘p bola mojaro qurboni bo‘ldi: Eronda 206, Livanda 118, Isroilda 4, Kuvaytda 1 nafar, – deydi mulozim. – Bu rasmiy ma’lumot. Zo‘ravonlik davom etarkan, qurbonlar soni ortaveradi. Har kuni o‘rtacha 87 nafarga yaqin bola jabrlanmoqda. Vaziyat yanada yomonlashishi xavfi bor. Mojaro kuchayishi, urush cho‘zilishi millionlab odam uchun halokat keltiradi.
Bosim tufayli aholining keng ko‘lamli ko‘chishi ham kuzatiladi. Eronda ichki ko‘chirilganlar soni 3,2 millionga yetdi. Ulardan 864 000 nafari bola. Livanda 1 milliondan ziyod odam, jumladan 370 000 ga yaqin bola uyini tashlab ketgan. Juda ko‘p oilalar maktab yoki boshqa jamoat binolariga joylashgan. Ba’zi qochqinlar, jumladan taxminan 90 000 suriyalik yurtiga qaytgan.
Bugalgi keskinlashuvdan oldin ham mintaqadagi taxminan 44,8 million bola nizolihududda yashagan. Hozirgi voqealar esa ularning ahvolini yanada og‘irlashtirib, uzoq muddatli oqibat keltirib chiqarmoqda.
Uy-joy, maktab va tibbiyot muassasalari shikastlangan, vayron qilingan. Sog‘liqni saqlash tizimi oqsoq, gumanitar yordam yetkazib berish cheklangan.
Livanda inqiroz ko‘p yillik iqtisodiy qiyinchilik sharoitida davom etyapti. Minglab xonadonlar yana ko‘chirilyapti, odamlar gavjum boshpanaga yoki qurilishi tugallanmagan binolarga qaytmoqda.
350 dan ortiq davlat maktabidan boshpana sifatida foydalanilmoqda.Bu 100 000 ga yaqin bolaning ta’lim olishiga to‘sqinlik qilmoqda. Masofaviy ta’limga o‘tish xavfsiz, barqaror muhit o‘rnini bosolmaydi.
Livanda vaziyat yana keskinlashgandan beri 118 bola hayotdan ko‘z yumdi, 372 o‘g‘il-qiz yaralandi. Deyarli har kuni biror o‘quvchi halok bo‘ladi yoki jarohatlanadi. Davlat xizmati o‘ta tang holatda: suv tizimi shikastlangan. Marhumlar orasida tibbiyot xodimlari ham kam emas.
G.Sattorova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский