O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik yanada rivojlantiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan 29 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Anqara shahridagi “Esenbog‘a” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasini Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va rafiqasi kutib oldi.
Ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Davlat rahbarlari va birinchi xonimlar qisqa uchrashuv o‘tkazdilar.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so‘ng Turkiya Respublikasi Prezidentining Anqara shahridagi Oqsaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarini Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an kutib oldi.
Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an shohsupaga ko‘tarildilar. Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Anqara shahridagi Prezident saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas Ramazon oyi kirib kelayotgani bilan bir-birlarini samimiy tabrikladilar.
O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Barcha darajalardagi yuqori sur’at va faol muloqotlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar yaqinda bo‘lib o‘tgan strategik rejalashtirish guruhining “4+4” formatidagi uchrashuvining samarali natijalarini olqishladilar.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar, mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarning soni izchil o‘sib bormoqda. Muntazam ravishda qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy himoya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda loyiha va dasturlarni ilgari surish zarurligi ta’kidlandi.
Mudofaa va xavfsizlik sohasida, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida hamkorlik va o‘zaro muvofiqlashtiruvni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar mazkur yig‘ilish muborak Ramazon oyi hamda ikki mamlakat o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga 30 yil to‘lishi arafasida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladilar.
Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, xalqaro masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi o‘xshash ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.
Parlamentlararo aloqalar, jumladan, do‘stlik guruhlari doirasida faollashdi.
O‘zaro savdo hajmi, shuningdek, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma korxona va loyihalarning soni izchil ravishda o‘sib bormoqda.
Kelgusi yillarda tovar ayirboshlash hajmini, jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimdagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish orqali 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilab olindi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida alohida dastur asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan sanoat kooperatsiyasining yangi ustuvor yo‘nalishlari ishlab chiqilgan.
Shuningdek, hududlararo hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi. Yil oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar hamkor hududlar bilan loyihalar portfelini ishlab chiqish maqsadida Turkiyaga tashrif buyuradi.
Qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Turizm yo‘nalishida aloqalarni rivojlantirish, teatr festivallari va madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, tarixiy filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, madaniy meros ob’ektlarini hamkorlikda tiklashga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida shu yil bahorda Buxoroda to‘rtinchi Rektorlar forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, Qo‘shma hukumatlararo komissiya hamraislarining ko‘p qirrali hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘anga O‘zbekistonga tashrif bilan kelishni taklif qildi.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Qo‘shma bayonot hamda Keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladilar.
Bundan tashqari, ko‘p qirrali sheriklikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolandi. Xususan:
– sog‘liqni saqlash, ta’lim va harbiy tibbiyot sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida;
– iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida;
– konchilik sanoatida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida;
– xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida;
– maxsus iqtisodiy zonalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
– yadro xavfsizligi, jisman himoya qilish, kafolatlar va radiatsion himoya sohasidagi hamkorlik va axborot almashinuvi to‘g‘risida;
– migratsiyaga ko‘maklashish va fuqarolarni o‘z mamlakatiga qaytarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
– O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Turkiya Din ishlari boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar;
– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va Turkiya Oliy ta’lim kengashi o‘rtasida bayonnoma;
– Madaniyat sohasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi yakunlari yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida turkiyalik hamkasbiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va kengash doirasidagi samarali muzokaralar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Bugungi kunda Turkiya barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishayotgani va nafaqat musulmon dunyosida, balki global miqyosda ham haqli ravishda yuksak hurmat-e’tibor qozongani alohida ta’kidlandi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston – Turkiya do‘stlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi 3 milliard dollardan, qo‘shma korxonalarning soni esa 2,2 mingtadan oshdi, o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 10 milliard dollarni tashkil etdi.
Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 100 ga yaqin aviaqatnov amalga oshirilmoqda. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida 9 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirilgan.
Kengash yig‘ilishlarini muntazam ravishda o‘tkazish, Hukumatlararo komissiya va Strategik rejalashtirish guruhi mexanizmlaridan samarali foydalanish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyoti davom ettiriladi.
Yetakchilar savdo hajmini, shu jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar turini kengaytirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash orqali 5 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.
Shuningdek, madaniy va gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirishga, xususan, birgalikda teatr va kino haftaliklari, badiiy ko‘rgazmalarni o‘tkazish hamda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Kengash yig‘ilishi yakunlaridan kelib chiqib, ikki mamlakat hukumatlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi ta’kidlandi.
Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Hatay viloyatida mamlakatimiz tomonidan barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Tadbirda davlatimiz rahbari uch yil oldin sodir bo‘lgan vayronkor zilzila qardosh turk xalqi uchun og‘ir sinov bo‘lganini ta’kidladi. O‘zbekiston ushbu fojiali davrning dastlabki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam ko‘rsata boshladi.
Qisqa fursatda 100 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi falokat sodir bo‘lgan hududga yetib bordi. Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 kishi qutqarildi, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarildi. Dala shifoxonasi 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatdi.
Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi. Bugungi kunga qadar mamlakatda 455 mingdan ortiq uy-joy qurildi.
O‘zbekiston, o‘z navbatida, qisqa muddatlarda Hatay viloyatining Arsuz tumanida 300 dan ziyod to‘liq jihozlangan xonadon, jami 24 ta ko‘p qavatli uydan iborat barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy turar joy majmuasini barpo etdi.
Turkiya Prezidenti ushbu majmua nafaqat jabrlangan oilalar uchun yangi uy, balki o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi abadiy do‘stlikning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi.
Yetakchilar loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan quruvchilar, muhandislar, ishchilar va barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirdilar.
Davlat rahbarlari yangi xonadonlar kalitlarini ularning egalariga tantanali ravishda topshirdilar.
Shuningdek, Prezidentlar Istanbulning Bekirkyoy tumanida o‘zbek maktabi qurilishini boshlab berdilar. Mazkur dargoh O‘zbekistonning xorijdagi birinchi ta’lim muassasasi bo‘ladi.
Yangi o‘quv maskani Turkiyada yashovchi o‘zbek oilalarining farzandlariga o‘z ona tilida ta’lim olishi bilan birga milliy qadriyatlar, madaniyat va an’analarni saqlab qolish imkonini beradi.
Tomonlar ushbu maktab ikki qardosh xalq o‘rtasidagi rishtalar yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilishi, yosh avlod uchun muhim ta’lim va tarbiya markaziga aylanishiga ishonch bildirdilar.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi yakunlandi.
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский