O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 avgust kuni Samarqand shahrida BMTning ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha tashkiloti (YUNESKO)
Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi, deb xabar berdi O'zA.
Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni qutlar ekan, O'zbekiston va YUNESKO o'rtasidagi konstruktiv muloqot izchil rivojlanib, sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Odri Azulening ushbu nufuzli xalqaro institut bosh direktori sifatidagi mazkur ilk tashrifi o'tgan yili Parij shahrida bo'lib o'tgan uchrashuvning mantiqiy davomi ekani, shuningdek, ustuvor yo'nalishlarda o'zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasida tomonlarning intilishi qat'iy ekanidan dalolat berishi ta'kidlandi.
Bugungi kunda YUNESKO tomonidan O'zbekiston uchun birinchi marta qabul qilingan Mamlakat dasturi doirasida ustuvor yo'nalishlar bo'yicha qo'shma chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.
Xalqimizning noyob madaniy-tarixiy merosini asrash sohasida hamkorlik qilish va bu boradagi almashinuvlarni faollashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Jahonning ilg'or tajribasini chuqur o'rganish va jalb etish maqsadida yurtimizda YUNESKO kafedralari tarmog'i kengaymoqda. O'zbekistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalarida "Dunyo dinlarini qiyoslama tadqiq etish", "Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi", "Madaniyat turizmi" kabi kafedralar ochilmoqda.
YUNESKO ko'magida mamlakatimizda "Sharq taronalari", baxshichilik san'ati, hunarmandchilik festivallari, Maqom san'ati anjumani kabi qator yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.
Uchrashuvda keng ko'lamli sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, Jahon merosi qo'mitasining navbatdagi sessiyasi yakunida erishilgan kelishuvlarni so'zsiz amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O'zbekistonda madaniy meros ob'ektlarini rivojlantirish va asrash sohasidagi faol sa'y-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Bugun Samarqandda shu mavzuga bag'ishlab muvaffaqiyatli o'tkazilgan qo'shma xalqaro konferentsiya natijalari yuksak baholandi.
Madaniyat, ta'lim va fan, gender siyosat yo'nalishlarida hamda ekologiya, jumladan, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo'nalishida amaliy hamkorlik imkoniyatlari ko'rib chiqildi.
YUNESKO Bosh direktori samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Yurtimizda boy madaniy merosni asrab-avaylash, turizm salohiyatini ro'yobga chiqarish, ta'lim va fan, atrof-muhit muhofazasi sohalarida muhim o'zgarishlarni amalga oshirish borasidagi islohotlar ijobiy natijalar berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
YUNESKO O'zbekiston bilan keng ko'lamli sheriklikni bundan buyon ham rivojlantirish va mustahkamlashda qat'iy ekani tasdiqlandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev shu kuni «Sharq taronalari» o'n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida so'zlagan nutqida yigirma ikki yildan buyon mazkur festival` YUNESKO rahnamoligida o'tkazib kelinayotganini alohida qayd etdi. Ushbu tashkilotning Bosh direktori Odri Azule xonim yurtimizga shaxsan tashrif buyurib, anjumanga alohida fayz va ko'tarinki ruh bag'ishlagani uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.
YUNESKO Bosh direktori Odri Azule o'z chiqishida festival` o'tayotgan Samarqand Amir Temurning buyuk davlati, Registon maydoni esa Mirzo Ulug'bek merosidan dalolat berishini, bu meros asrlar davomida olimlar, hunarmandlar, san'atkorlarni bu yerga yetaklaganini qayd etdi. Umumbashariy tarixni asrash, universal til bo'lgan musiqani rivojlantirish YUNESKOning mas'uliyat doirasiga kirishini, tashkilot O'zbekiston bilan keng ko'lamli hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanini ta'kidladi.
Ma'lumot uchun: BMTning ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha tashkiloti – YUNESKO Ikkinchi jahon urushidan so'ng, 1945 yil 16 noyabrda tuzilgan. Uning asosiy maqsadi ta'lim, fan, madaniyat, kommunikatsiyalar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga ko'maklashishdir.
YUNESKOning Parij shahridagi Bosh qarorgohi 1958 yil 3 noyabrda ochilgan. Ushbu bino Parij shahridagi Sena daryosining so'l qirg'og'ida joylashgan. Lotincha “Y” belgisiga o'xshash bino loyihasi Xalqaro me'morlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, unda AQShdan Marsel` Breyer, Italiyadan P`er Luidji Nervi va Frantsiyadan Bernar Zerfyus kabi arxityektorlar ishtirok etishgan. Bino arxitekturasi ham o'ziga xos bo'lib, u 72 ta beton ustun ustiga o'rnatilgan. Uchta korpusdan tashkil topgan binoning 1068 ta derazasi barcha xonalariga yetarli miqdorda yorug'lik tushishini ta'minlaydi.
Odri Azule – 1972 yil 4 avgustda Parijda tug'ilgan. 2000 yilda Frantsiya administratsiyasi milliy maktabini tamomlagan. Shundan so'ng Il`-de-Frans mintaqasi Hisob palatasida ishlagan. 2014 yilda Frantsiyaning sobiq Prezidenti Fransua Ollandning maslahatchisi, 2016-2017 yillardagi Frantsiya Madaniyat va kommunikatsiya vaziri sifatida faoliyat olib borgan. U 2017 yil 15 noyabrdan YUNESKOning Bosh direktori lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.08.2019
- Ko'rishlar: 11843
- Chop etish