Parlamentlararo ittifoqning Jenevada e’lon qilingan yillik hisobotida Toshkentda bo‘lib o‘tgan 150-yubiley Assambleya ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etildi
2025-yilning 5–9-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun tarixiy voqea bo‘ldi. Mintaqada ilk bor tashkil etilgan ushbu nufuzli forum parlament diplomatiyasida yangi bosqichni boshlab berdi hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi. Bu yutuq Parlamentlararo ittifoqning Jenevada e’lon qilingan 2025-yil yakunlari bo‘yicha rasmiy yillik hujjatida ham alohida qayd etilgan.
Parlamentlararo ittifoqining 2025-yildagi faoliyat natijalari to‘g‘risidagi yillik hisobotida tashkilotning o‘tgan yil davomida parlamentlar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari hamda a’zo davlatlar bilan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilingan. Bunda O‘zbekistonning parlament sohasidagi qator tashabbuslari va tajribasi ilg‘or namuna sifatida keltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida Parlamentlararo ittifoq tomonidan 80 ta xalqaro tadbir, jumladan 2 ta Assambleya hamda parlamentlar salohiyatini oshirishga qaratilgan 40 ta milliy tadbir tashkil etilgan. Shuningdek, parlament a’zolarining huquqlari buzilishi bilan bog‘liq 1 027 ta murojaat ko‘rib chiqilgan, tashkilot faoliyati ommaviy axborot vositalarida qariyb 30 ming marta yoritilgan.
Yillik tahlilda parlamentlar samaradorligini oshirish, xotin-qizlar va yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish, sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishiga qarshi parlament nazorati, parlament diplomatiyasini rivojlantirish, shuningdek, tashkilot faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash 2025-yilning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan edi.
Hisobotning alohida qismi Toshkentda bo‘lib o‘tgan 150-yubiley Assambleyaga bag‘ishlangan. Unda mazkur forum O‘zbekiston parlamenti tomonidan yuksak tashkiliy darajada o‘tkazilgani, Markaziy Osiyo tarixida ilk bor Parlamentlararo ittifoq Assambleyasiga mezbonlik qilgani alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, Assambleya ishtirokchilari tarkibi ham yuqori baholangan. Xususan, Assambleyada parlament ayol a’zolari ulushi 37 foizdan oshgani va bu 2022-yildan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich ekani e’tirof etilgan.
Yakuniy hujjatda Assambleyaning asosiy natijasi bo‘lgan Toshkent deklaratsiyasiga ham keng o‘rin ajratilgan. Deklaratsiya parlamentlar kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangi siyosat ishlab chiqish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlariga javob beradigan demokratik iqtisodiyotni rivojlantirish hamda sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalarni samarali tartibga soluvchi institutlarni mustahkamlashga chaqirishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Assambleya doirasida Parlamentlararo ittifoqning «Parlamentlarda gender tengligiga erishish yo‘lidagi 10 ta amaliy harakat» nomli yangi xalqaro tashabbusi taqdim etilgani ham muhim tashabbus sifatida yuqori baholangan.
Shu bilan birga, hisobotda ta’kidlanganidek O‘zbekistonda inson huquqlariga bag‘ishlangan seminarlar tashkil etilgani ham ilg‘or tajribalardan biri hisoblanadi. Oliy Majlis Senati Parlamentlararo ittifoq qarorlarini mamlakat milliy rivojlanish kun tartibi bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilgani alohida qayd etilgan.
Parlamentlararo ittifoq ekspertlari tomonidan Oliy Majlis Senatining Assambleya tashabbus va qarorlarini milliy darajada amalga oshirish bo‘yicha tizimli va izchil yondashuvini barcha parlamentlar uchun namuna sifatida baholangan.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Ўзбекча
English
Русский