ANQARA, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Strategik tadqiqotlar va rivojlanish markazi boshqaruvi raisi Yunus Emre Kanat (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga buyurgan tashrifi yakunlari va Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi.
– Oʻzbekiston oʻzini Yevropa uchun muhim, ochiq va ishonchli sherik sifatida namoyish etdi. Soʻnggi yillarda rasmiy Toshkent va Bryussel oʻrtasidagi munosabatlar chinakamiga oʻzgardi. Yevropa Oʻzbekistonni uzoq muddatli hamkorlikka tayyor ishonchli va toʻlaqonli sherik sifatida koʻradi. Bu muzokaralar muhitida va uchrashuvlar ohangida yaqqol koʻrinib turdi.
Tashabbuslar aniq harakatlar bilan qoʻllab-quvvatlanishi muhim. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi energetika va transportdan tortib raqamli texnologiyalar va ta'limgacha yangi imkoniyatlarni ochadi. Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo boʻlishi boʻyicha muzokaralarning yakunlanishi aniq qadam boʻlib, hamkorlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi.
Shuningdek, Yevropa biznes va moliya doiralari vakillari bilan uchrashuvlarni alohida ta'kidlamoqchiman. Bu shunchaki rasmiyatchilik emas, balki haqiqiy takliflar va gʻoyalar hamda birgalikda ishlashga boʻlgan intilishdir. Aynan shunday uchrashuvlar diplomatiyaning asl qiymatini namoyish etadi.
Men uchun bu tashrif shunchaki yangilik emas, balki oʻzbek diplomatiyasining yetukligidan dalolat beradi. Boʻlib oʻtgan barcha voqealar mamlakat ochiq, pragmatik va sheriklariga hurmat bilan yondashayotganidan dalolat beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning faol tashqi iqtisodiy siyosati mamlakatning xalqaro obroʻsini mustahkamlamoqda va uni Markaziy Osiyoning asosiy markazlaridan biriga aylantirmoqda. Yevropa Ittifoqi bilan, shuningdek, Turkiya kabi boshqa strategik sheriklar bilan oʻzaro aloqalarni kengaytirish butun Yevroosiyo mintaqasida oʻzaro ishonch va barqaror rivojlanishning yangi modelini shakllantirishga hissa qoʻshmoqda.
- Qo'shildi: 27.10.2025
- Ko'rishlar: 76
- Chop etish
Ўзбекча
English
Русский