Adliya vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Hujjatga muvofiq, Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi birinchi navbatda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb baholangan, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni oshgan yoki korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi.
Reja-grafik har yili mart oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tasdiqlanadi. Baholash ishlarini esa Agentlikning mas’ul xodimi rahbarligida kamida yetti nafardan iborat ishchi guruh amalga oshiradi.
Tashkilotlar faoliyati funksional xususiyatlaridan kelib chiqib, ko‘pi bilan 14 ish kuni davomida masofadan turib va yoki joyiga chiqqan holda baholanadi. Baholash dasturi yetti yo‘nalishni, jumladan ochiqlik va shaffoflik, jamoatchilik nazorati hamda korrupsiyaning oldini olish mexanizmlarini qamrab oladi.
Natijalar 100 ballik tizim asosida baholanadi. 81–100 ball to‘plagan tashkilotlar “yaxshi”, 55–80 ball olganlar “qoniqarli”, 55 balldan kam natija ko‘rsatganlar esa “qoniqarsiz” deb e’tirof etiladi.
“Yaxshi” bahoga ega tashkilotlarga uch yil muddatga amal qiladigan Milliy sertifikat beriladi. “Qoniqarli” deb baholangan tashkilotlarga kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir oygacha muhlat ajratiladi va talablar bajarilganidan keyin sertifikat taqdim etiladi.
Faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan yoki belgilangan muddatda kamchiliklarni bartaraf etmagan tashkilotlar sertifikat olmagan hisoblanadi. Bu esa korrupsiyaga qarshi menejment tizimi joriy etilgunga qadar tashkilot rahbarlariga nisbatan rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.
Kun.uz
