Poytaxtimizda bo'lib o'tayotgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi oltinchi yillik seminari doirasida 7 oktyabr kuni yana bir rasmiy marosim tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Suleyman Arslan ushbu ikki tashkilot o'rtasida hamkorlikni kuchaytirish to'g'risida Memorandum imzoladilar.
Ma'lumot uchun: IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov shu yil 29-30 aprel` kunlari oilalar himoyasi huquqiga bag'ishlab Anqara shahrida tashkil etilgan simpoziumda ishtirok etgandi. Tomonlar o'shanda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti o'rtasida hamkorlikni kengaytirish to'g'risida kelishib olgan edi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti o'rtasidagi o'zaro anglashuv
Memorandumi
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti, bundan keyin Tomonlar deb ataladi:
- BMT Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish bo'yicha milliy institutlarning maqomi va faoliyatiga taalluqli tamoyillarni hisobga olgan holda,
- Tomonlarning BMT Ustavida va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mavjud bo'lgan tamoyillarga sodiqligini ta'kidlab,
- inson huquqlari bo'yicha mazkur ikki milliy institut o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlashga, inson huquqlari sohasida ularning hamkorligini rivojlantirishga intilib,
- inson huquq va erkinliklarini umume'tirof etish muhimligini ta'kidlab,
quyidagicha o'zaro anglashuvga erishdilar:
1-modda
Tomonlar ushbu Memorandumga va o'z davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq ravishda teng huquqlilik, o'zaro hurmat va o'zaro manfaatlar asosida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida hamkorlik qiladilar.
2-modda
Ushbu Memorandum doirasida Tomonlar quyidagi yo'nalishlar bo'yicha hamkorlik qiladilar:
- xalqaro shartnomalarga muvofiq Tomonlarning milliy qonunchilik normalarini mustahkamlash;
- qo'shma tadqiqotlar o'tkazish, inson huquqlari masalalari bo'yicha o'quv dasturlarida ishtirok etish;
- o'zaro manfaatli axborot-ma'rifiy ishlarni birgalikda olib borish;
- ikki davlatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga ko'maklashish maqsadida Tomonlar o'rtasida aloqalarni rivojlantirish va kengaytirish;
- Tomonlar o'rtasida kelishilgan hamkorlikning boshqa yo'nalishlari.
3-modda
Ushbu Memorandum bo'yicha hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
- inson huquqlarini himoya qilish va rivojlantirish sohasida axborot, qonun hujjatlari, axborot-tahliliy materiallar va adabiyotlar almashinuvi;
- Tomonlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi borasida tajriba, axborot va tahliliy materiallar almashish;
- ishtirokchi davlat fuqarolarining huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga ko'maklashish;
- inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo'yicha tadqiqotlar o'tkazishga qaratilgan qo'shma dastur va loyihalarni amalga oshirish;
- inson huquqlari masalalari bo'yicha xalqaro konferentsiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va treninglar o'tkazish, shuningdek, Tomonlar xodimlari uchun tashriflar, amaliyotlarni tashkil etish;
- inson huquqlari va erkinliklarini rag'batlantirish va himoya qilish bo'yicha qo'shma nashrlar tayyorlash va nashr etish;
- inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini olib borish;
- inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha muntazam ravishda ikki tomonlama maslahatlashuvlar o'tkazish, Tomonlarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalarini rivojlantirishga ko'maklashish;
- Tomonlar o'rtasida kelishilgan hamkorlikning boshqa shakllari.
4-modda
Tomonlar va ularning vakolatli vakillari ushbu Memorandum qoidalarining bajarilishini nazorat qilish va hamkorlikning yangi yo'nalishlarini aniqlash uchun uchrashuvlar o'tkazishi mumkin.
5-modda
Tomonlarning o'zaro roziligi bilan ushbu Memorandumga alohida bayonnomalar bilan o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilishi mumkin.
6-modda
Hamkorlikning moliyaviy va tashkiliy masalalarini har bir holatda Tomonlar o'zaro alohida kelishib oladi.
7-modda
Tomonlar o'rtasida Memorandumni qo'llash yoki sharhlash bilan bog'liq har qanday nizolar Tomonlar o'rtasidagi maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qilinadi.
8-modda
Ushbu Memorandum Tomonlar davlatlari uchun xalqaro huquq bo'yicha majburiy bo'lgan xalqaro bitim hisoblanmaydi. Ushbu Memorandumning biron-bir qoidasi Tomonlar davlatlari uchun qonuniy huquqlar yoki majburiyatlarni vujudga keltiruvchi norma sifatida talqin qilinmaydi va amalga oshirilmaydi.
9-modda
Ushbu Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va ishtirokchilardan birining uni bekor qilish to'g'risidagi yozma bildirishnomasi ikkinchi ishtirokchi tomonidan olingan kundan boshlab uch oy o'tgunga qadar amal qiladi.
Memorandum 2019 yil “7” oktyabrda, Toshkent shahrida, ikki nusxada, o'zbek, ingliz va turk tillarida imzolandi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan |
Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti nomidan |
______________
Direktor Akmal Saidov |
_______________
Rais Suleyman Arslan |
- Qo'shildi: 07.10.2019
- Ko'rishlar: 5847
- Chop etish