12 dekabr – XX asrning mashhur yozuvchisi, buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavallud topgan kun.
Ushbu qutlug' sana arafasida akademik Akmal Saidovning “Chingiz Aytmatov fenomeni” nomli kitobi nashrdan chiqdi. Kitob O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va mamlakatimizdagi Qirg'iz madaniyat markazi tashabbusi bilan “Muharrir nashriyoti” tomonidan rus tilida chop etildi.
Ushbu asarda mumtoz adibning ijodiy merosi va diplomatik faoliyati haqida so'z boradi. Muallif Chingiz Aytmatov asarlaridan xabardorligi, shuningdek, ko'p yillar davomida Toshkent va Moskva, Parij va Bryussel` shaharlarida yozuvchi bilan shaxsan bo'lib o'tgan suhbatlari asosida tug'ilgan boy taassurotlari va fikr-mulohazalarini qog'ozga tushirgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 2 aprelda qabul qilingan “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori yozuvchining shaxsi, uning ijodiy merosi bilan bir qatorda, qardosh qirg'iz xalqiga ham bo'lgan chuqur hurmatning o'ziga xos namunasi bo'ldi.
Ushbu qarordan ilhomlanib, yurtimiz qalamkashlari mashhur yozuvchi ijodi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati haqida turli asarlar yaratishmoqda. A.Saidovning yangi kitobi bu ijodiy jarayonning uzviy davomidir.
Chingiz Aytmatov butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o'zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo edi. Adib mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o'rtasida do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama qarshiliklardan asrash yo'lida fidokorona faoliyat olib bordi.
Chingiz Aytmatovning deyarli barcha asarlari o'zbek tiliga tarjima qilingan va nashr etilgan. Tarjimonlarimiz Asil Rashidov, Ibrohim G'afurov, Suyun Qoraev atoqli adabiyotshunoslarimiz va munaqqidlarimizdan Ozod Sharafiddinov, Baxtiyor Nazarov, Odil Yoqubov, Parizod Mirzaahmedova, Ahmadjon Meliboev, faylasuflar Qo'chqor Xonazarov, Omonulla Fayzullaev va boshqalar yozuvchi ijodini chuqur tahlil etishgan.
Ijodkor adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqlarimizning sha'ni va obro'-e'tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganligi bilan ham yuraklarimizdan joy olgan. Uning adabiyot va millat oldidagi xizmatlari munosib baholanib, mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan “Do'stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
Ma'lumki, Chingiz Aytmatov 1928 yil 12 dekabrda Qirg'izistonda – Talas viloyatining Shakar qishlog'ida tavallud topgan. 2008 yil 10 iyunda Germaniyaning Nyurenberg shahrida, klinikada muolaja olayotgan davrida olamdan o'tgan va 14 iyunda Bishkek shahri yaqinidagi «Ota-Beyit» tarixiy-memorial majmuasida dafn etilgan.
Chingiz Aytmatovning adib, elchi, jamoat arbobi sifatidagi yuksak salohiyati va xizmatlari butun dunyoda tan olingan. U “Jamila” (1958), “Sarvqomat dilbarim” (1961), “Birinchi muallim” (1962), “Alvido, Gulsari” (1966), “Momo yer”, “Oq kema” (1970), “Asrga tatigulik kun” (1980), “Qiyomat” (1986), “Kassandra tamgasi” (1996), “Bir Bahoiy bilan uchrashuv” (Chingiz Aytmatovning Fayzulloh Nomdor bilan suhbati, 1998), “Tog'lar qulaganda” (“Mangu qayliq”, 2006) kabi asarlar muallifidir.
YUNESKO ma'lumotlariga ko'ra, Chingiz Aytmatovning asarlari XXI boshiga kelib 168 ta mamlakatda 830 marta, umumiy adadi 67,2 million nusxada chop etilgan. Bu raqamlar kundan-kun ortib bormoqda. Ulug' adibning ko'plab asarlari asosida fil`mlar yaratilgan. Muxlislar ularni hozir ham qiziqish bilan tomosha qiladi.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 12.12.2019
- Ko'rishlar: 5115
- Chop etish