Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov 23 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muxammad Rezo Majidiy bilan uchrashdi.
A.Saidov mehmonlarni samimiy qutlab, hozirgi murakkab sharoitga qaramay Muxammad Rezo Majidiyning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ijobiy munosabat, deya e’tirof etdi.
Uchrashuvda keyingi yillarda xalqimiz, mamlakatimiz hayotida, jamiyatimizda, milliy saylov qonunchiligida ulkan o‘zgarishlar yuz bergani, bu davrda respublika hayotining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarida xalq farovonligini yuksaltirishga yo‘naltirilgan izchil islohotlar, saylovlarni ochiq va oshkora o‘tkazish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berildi.
Ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tadigan Prezident saylovida konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, ya’ni davlat rahbari davriylik prinsipi asosida saylanishi ta’minlanishi, mamlakatimizda siyosiy partiyalar soni yana bittaga ko‘payib, partiyalararo raqobat sezilarli darajada kuchaygani qayd etildi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, 12 ta qo‘mita va 4 ta komissiyaning ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida ma’lumotlar berildi.
Muloqot davomida saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda xorijiy davlatlar vakillari, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari ishtiroki muhimligi inobatga olinib, saylovlarda mingdan ortiq xorijiy kuzatuvchilar va ko‘plab ommaviy axborot vositalari kelgani ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, mazkur siyosiy voqeaning muhim tamoyillaridan biri shunday izohlanadi: birinchidan, O‘zbekistonda olib borilayotgan izchil islohotlarga xalq o‘z bahosini bersa, ikkinchi tomondan xalqaro hamjamiyat ham mazkur evrilishlarga o‘z munosabatini bildiradi.
Keyingi besh yilda O‘zbekistonning dunyoga yangitdan ochilgani va yaqin qo‘shnilar bilan qardoshlik rishtalari mustahkamlagani mamlakatning pragmatik siyosati natijasidir. Zero, O‘zbekistonning ustuvor tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhit yaratildi.
Muxammad Rezo Majidiy samimiy va iliq mehmondorchilik uchun minnatdorlik bildirib, Osiyo Parlament Assambleyasi bugungi kunda 56 ta davlat parlamentlarini birlashtirib turganligini, ularning 44 tasi mazkur nufuzli tuzilmaga to‘laqonli a’zoligi, 12 tasi esa kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotganini bildirdi. Ayniqsa, O‘zbekistonning saylov qonunchiligini yanada tamomillashtirish borasidagi dadil qadamlari, bu boradagi amaliy sa’y-harakatlari e’tiborga molik ekanini qayd etdi.
Shuning barobarida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoni bilan yaqindan tanishgani, saylovlarda qo‘llanilayotgan zamonaviy axborot texnologiyalar saylov jarayonidagi ochiqlik va oshkoralikni ta’minlagan holda, saylovchilarga yanada qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muloqotda saylovoldi kampaniyasining yuqori darajada tashkil etilayotgani odamlarga munosib nomzodni tanlashga yordam berishi bilan birga, saylov jarayonining ochiq, oshkora va shaffof hamda xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida o‘tishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Osiyo Parlament Assambleyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 25.10.2021
- Ko'rishlar: 3267
- Chop etish