Joriy yilning 26 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov videokonferentsiya shaklida o'tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning moliya bo'yicha kichik qo'mitasi yig'ilishida ishtirok etdi.
Parlamentlararo Ittifoq (PAI) qadimgi xalqaro parlament tashkiloti bo'lib, unga 1889 yilda asos solingan. Bugungi kunda unga dunyoning 176 mamlakati va 12 parlamentlararo tashkilot a'zosi hisoblanadi.
O'zbekiston ittifoq ishidagi ishtirokini 2017 yilda qayta tikladi va bugungi kunda uning ijroiya tuzilmalarida faol qatnashib kelmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining nufuzli xalqaro parlamentlararo tashkilotlarning a'zoligiga saylanishi O'zbekistonning xalqaro imijini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
E'tiborli jihati, 2020 yilning 30 yanvar` kuni Parlamentlararo ittifoq (PAI) Ijroiya qo'mitasi boshqaruv organlari yangi tarkibini shakllantirish doirasida Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov PAI vitse-prezidenti hamda Moliya bo'yicha kichik qo'mita a'zosi etib ham tayinlandi.
Shuningdek, 2021 yilning 24-28 may kunlari bo'lib o'tgan PAIning 142-Assambleyasida Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi raisi o'rinbosari N.Tilavoldiev PAIning Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha doimiy qo'mitasi, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi a'zosi A.Aslonov PAIning Yosh parlamentariylar forumi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi a'zosi M.Baratova PAIning Barqaror rivojlanish bo'yicha doimiy qo'mitasi a'zoligiga saylandilar.
Yig'ilishda mustaqillik yillarida milliy parlamentarizmning shakllanishi va rivojlanishi masalalari haqida so'z yuritilib, mamlakatimizda parlamentarizmni rivojlantirishdagi yutuqlar e'tirof etildi.
Manba: parliament.gov.uz
- Qo'shildi: 27.08.2021
- Ko'rishlar: 3451
- Chop etish