O'zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunni imzoladi.
Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining 11 ta qonuni hamda 7 ta kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilgan. Shu asosda Biznes-ombudsmanga bir qancha qo'shimcha vakolatlar berildi.
Jumladan, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha vakil va uning devoni xodimlarining qonuniy faoliyatiga to'sqinlik qilganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi.
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakilning hamda uning devoni xodimlarining qonuniy faoliyatiga to'sqinlik qilish” deb nomlangan 1973-moddasi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Mansabdor shaxslar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil hamda uning devoni xodimlari oldidagi o'z majburiyatlarini bajarmaslik, ularning ishiga to'sqinlik qilish, ularga bila turib yolg'on axborot berish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan murojaatlarni, xulosalarni, taqdimnomalarni, iltimosnomalarni ko'rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko'rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib qasddan ishonchsiz ma'lumotlarni taqdim etish, – mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi”.
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 2458-moddasi bilan Kodeksning 1973, 2411–24111-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil hamda uning devoni xodimlariga ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida bayonnoma tuzish vakolati berildi.
Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi bayonnoma ko'rib chiqish uchun ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan tartibda sudga yuborilishi belgilandi.
Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksda Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakilning fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarning, shuningdek, iqtisodiy va ma'muriy sudlarning kuchga kirgan qarorlari ustidan kassatsiya va nazorat tartibida shikoyat qilish bo'yicha huquqi ham qayd etilgan.
Endilikda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil ishda ishtirok etgan-etmaganligidan qat'i nazar, qonuniy kuchga kirgan, mazkur ish yuzasidan qabul qilingan hal qiluv qarori, ajrim va qaror ustidan shikoyat qilishga haqlidir. Bundan bundan tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan nizolar mustasno.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida tekshiruvlar qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati tekshirilishini muvofiqlashtirishda Savdo-sanoat palatasining ishtiroki belgilanishi munosabati bilan “O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida”gi Qonunga tegishli o'zgartish kiritilgan.
Yangi Qonunda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha vakilni va uning o'rinbosarlarini ijtimoiy himoya qilish ham ko'zda tutilgan.
Bundan buyon Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha vakil – maqomi, mehnatga haq to'lash, tibbiy va transport ta'minoti shart-sharoitlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o'rinbosariga, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha vakil o'rinbosarlari – maqomi, mehnatga haq to'lash va tibbiy ta'minoti shart-sharoitlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining sho''ba mudiriga tenglashtiriladi.
OAV materiallari asosida tayyorlandi
- Qo'shildi: 15.11.2019
- Ko'rishlar: 6415
- Chop etish