BMT Bosh kotib lavozimiga nomzodlarni saralash jarayonini boshladi
O‘tgan hafta Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki asosiy organi – Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi tuzilmaga a’zo davlatlarga xat yuborish orqali Bosh kotib lavozimiga tanlov jarayonini rasman boshladi.
Hozirgi BMT rahbarining vakolat muddati 2026 yil oxirida tugaydi.
Hujjatda a’zo davlatlar Bosh kotib lavozimiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatishga taklif qilinadi. Ta’kidlanishicha, ushbu muhim lavozimni egallagan shaxsdan samaradorlik va vakolatning eng yuqori standartlariga javob berishi, shuningdek, BMT Nizomi tamoyillariga sodiqligini namoyish qilishi talab etiladi.
Nomzod diplomatiya va kommunikatsiya sohasida yetakchilik fazilatlari va professional ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, bir nechta tillarni yaxshi bilishi va xalqaro munosabatlarda katta tajribaga ega bo‘lishi lozim.
Xat mualliflari, shuningdek, BMT Bosh kotibi lavozimini hech qachon ayol kishi egallamaganligini afsus bilan ta’kidlagan va a’zo davlatlarni ayol kishini nomzod sifatida ko‘rsatishni jiddiy ko‘rib chiqishga chaqirgan.
– Biz shuningdek, Bosh kotibni tanlashda mintaqaviy o‘lchovning ahamiyatiga e’tibor qaratamiz, -deyiladi xatda.
Nomzod bir mamlakat yoki mamlakatlar guruhi tomonidan ko‘rsatilishi mumkin, ammo har bir davlat faqat bitta shaxsni ko‘rsatishga haqli.
Bosh Assambleya tomonidan tasdiqlangan protseduraga ko‘ra, nomzodlar o‘z nomzodini ilgari surishda BMTning maxsus veb-sahifasida e’lon qilinadigan konsepsiya bayonotini taqdim etishlari va moliyalashtirish manbalarini oshkor qilishlari shart. Bosh Assambleya Prezidenti har bir nomzod bilan interaktiv veb-muloqot o‘tkazadi.
Tashkilot Nizomiga ko‘ra, Bosh kotib BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Xavfsizlik Kengashi tavsiyasi bilan tayinlanadi.
S.Rahimov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский