30 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn Suriya, Iroq va Afg‘onistondan qaytib kelgan shaxslarning reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi.
BMT maxsus ma’ruzachisi Toshkent viloyatida joylashgan maskanda “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2019 yildan buyon O‘zbekiston Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi ayollar va bolalarni qaytarish bo‘yicha beshta «Mehr» operatsiyasini o‘tkazdi. Mojaroli hududlardan mamlakatga jami 531 nafar kishi olib kelindi.
O‘zbekiston tomonidan “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish maqsadida ishchi guruhlar tuzildi. Ishchi guruhlar zimmasiga ushbu fuqarolarni reabilitatsiya qilish, hujjatlarini tiklash, ishga joylashtirish, boshpana bilan ta’minlash, bolalarni maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga joylash, yetim bolalar uchun vasiy hamda homiylar belgilash yoki ularni davlatga qarashli ijtimoiy muassasalarga joylashtirish, bu insonlarning sog‘ligi va ruhiy holati ustidan doimiy monitoring olib borish vazifalari yuklandi.
Jahon hamjamiyati O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini mojaro zonalaridan, shu jumladan Iroq va Suriyadan vataniga qaytarish va reintegratsiyasi bo‘yicha harakatlarini olqishladi. Bunday sa’y-harakatlarda O‘zbekiston kabi faollik ko‘rsatgan mamlakatlar kam ekani e’tirof etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.11.2021
- Ko'rishlar: 3203
- Chop etish