Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik kechirilmaydi
Ayni paytda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bolalar huquqlarini himoya qilish, ularni har jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishlariga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2025 yil 24 dekabr kuni imzolangan “2026-2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.
E’tirof etish kerak, farmonda O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini samarali tashkil etish hamda jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga bo‘lgan murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida bir qator yangi tartiblar joriy etish nazarda tutildi. Xo‘sh, bu aynan nimalarda namoyon bo‘ladi?
Strategiya doirasida 2026 yil 1 fevraldan boshlab zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Professional tutingan oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar bilan protsessual harakatlar davomida ishlashga mas’ul bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudyalar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimi xodimlari, shuningdek, advokatlarning surishtiruv, dastlabki tergov va sud protsessida bolalar bilan ishlashning maxsus usullariga oid kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirish uchun milliy va xorijiy ekspert hamda mutaxassislarni jalb etgan holda qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 aprelga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar hamda zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni almashish va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona elektron platforma yaratiladi.
Eng muhimi, 2026 yilning 1 sentyabridan boshlab zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ular tegishli protsessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, bolalarga nisbatan ularning qonuniy vakillari yoki boshqa qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishni sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlaridagi barcha protsessual harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organi vakili majburiy tartibda ishtirok etadi. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi. Qolaversa, mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etish bilan bog‘liq ishlar doirasida bolalar va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasida yuzlashtirish tergov harakatini faqat tergovchi va prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Zero, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik aslo kechirilmaydi.
Dilnoza Holiqnazarova,
jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo
Ulug‘bek tuman sudining sudyasi
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский