Konstitutsiya va fuqarolik jamiyati
Istiqlol yillarida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining ijtimoiy-siyosiy va huquqiy muhiti, kayfiyati tobora yuksalmoqda. O'tgan davrda qabul qilingan ushbu sohaga doir 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat ana shu yuksalishning mustahkam huquqiy asosidir.
Fuqarolik jamiyatining konstitutsiyaviy asoslari
Bu haqda so'z borganda, avvalo, milliy qonunchilikda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yetakchi o'rin tutishini ta'kidlash lozim. Asosiy Qonunimizning 34-moddasida fuqarolarning jamoat birlashmalariga uyushish huquqi mustahkamlab qo'yilgan. Ya'ni: “O'zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar”.
Konstitutsiyamizning uchinchi bo'limidagi XIII bob – “Jamoat birlashmalari”, deb nomlanadi. Mazkur bobdagi moddalar fuqarolik jamiyatining an'analarini tiklash, jamoat birlashmalari maqomini huquqiy tarzda rasmiylashtirish, ularning real va barqaror rivojlanishini ta'minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy qoidalardan tashkil topgan.
Eng muhimi, Konstitutsiyamizda fuqarolik jamiyati institutlarini tashkil etish va ular faoliyatining huquqiy asoslari e'tirof etilgan. Fuqarolik jamiyati institutlarining davlat bilan o'zaro hamkorligi printsiplari belgilangan.
Ana shu konstitutsiyaviy normalarni amalda qo'llash maqsadida “Jamoat birlashmalari to'g'risida”, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to'g'risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida”, “Jamoat fondlari to'g'risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risida”, “Homiylik to'g'risida”, yangi tahrirda “Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari to'g'risida” va “Fuqarolar yig'ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to'g'risida”, shuningdek, “Vasiylik va homiylik to'g'risida”, “Ijtimoiy sheriklik to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Albatta, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat ko'rsatadigan huquqiy makonni yanada kengaytirish maqsadida, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar mohiyatidan kelib chiqib, amaldagi qonun hujjatlari yanada takomillashtirilmoqda. Bugungi davr talablari asosida yangi qonunlar qabul qilinmoqda.
Bu haqda so'z borganda, avvalambor, 2018 yil 12 aprelda qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi qonunni tilga olishni istardim. Ushbu Qonunning maqsadi – davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga binoan, O'zbekiston fuqarolari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro'yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), ommaviy axborot vositalari (OAV) jamoatchilik nazorati sub'ektlari etib belgilangan.
2018 yil 18 aprelda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunga muvofiq, davr talablaridan kelib chiqib, sohaga doir bir qator qonunlarga o'zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, «Jamoat birlashmalari to'g'risida»gi, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi, «Siyosiy partiyalar to'g'risida»gi, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi, «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida»gi qonunlar takomillashtirildi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish
Oradan ko'p o'tmay, ya'ni 2018 yil 4 mayda davlatimiz rahbari “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonini imzoladi.
Farmonda, birinchidan, mazkur sohaning hozirgi holatiga muxtasar va xolis baho berilgan;
ikkinchidan, mavjud kamchiliklar ochiq-oshkora ko'rsatib o'tilgan;
uchinchidan, aniqlangan muammolarni bartaraf etishga doir amaliy chora-tadbirlar belgilangan;
to'rtinchidan, shu ta'sirchan choralarni amalda tatbiq etish va kutilgan samaradorlikka erishning aniq mexanizmlari ko'zda tutilgan.
Bir so'z bilan aytganda, mazkur huquqiy hujjatda Prezidentimizning bugungi kun va yaqin istiqbolda O'zbekistondagi fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbuslari o'z aksini topgan. Shuning uchun ushbu Farmon tom ma'noda tarixiy hujjatdir.
Prezidentimiz ilgari surgan muhim tashabbuslardan biri shuki, 2018 yil 1 iyundan boshlab – ro'yxatdan o'tkazuvchi organ bilan NNTning tadbirlarini kelishish tartibi rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida xabardor qilish tartibi bilan almashtirildi. Bu nima degani?
Gap shundaki, Farmonda NNTni ro'yxatdan o'tkazish jarayonlarini, ularning faoliyati tartibini belgilovchi qonunchilik normalarida ortiqcha byurokratik talablar va g'ovlar nazarda tutilgani, bu normalar eskirganligi va zamon talablariga javob bermasligi ko'rsatib o'tilgan.
Ochig'ini aytganda, muayyan NNT o'zi o'tkazadigan tadbirni tegishli davlat organi bilan “kelishishi”ning o'ziyoq ko'pincha turli to'rachilik va sansalorlik holatlarini keltirib chiqarayotgan edi.
Endilikda NNT o'zini ro'yxatdan o'tkazgan davlat organini qanday tadbir uyushtirayotgani haqida xabardor qilishi kifoyadir.
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashi
Ma'lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi loyihasi, shuningdek, ushbu dasturiy hujjat doirasida 2017, 2018 va 2019 yillar bo'yicha davlat dasturlari jamoatchilik muhokamasiga qo'yilib, so'ngra qabul qilingan. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad – davlat ahamiyatiga molik dolzarb masalalarni kompleks ravishda tahlil qilish, keng jamoatchilik qatlamlari, ekspertlar sharhi, fikr-mulohaza va takliflarini o'rganishdan iborat.
Binobarin, davlat va jamiyat ahamiyatiga molik bunday hujjatlarni tayyorlashda butun O'zbekiston xalqining qiziqishlari to'la inobatga olinishini ta'minlash uchun aholi o'rtasida keng muhokamalar tashkil etish, doimiy ravishda xalq bilan muloqot qilish taqozo etiladi. Bunda, shubhasiz, fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, NNT faol bo'lishi darkor.
O'z navbatida, ushbu ijtimoiy tuzilmalar bilan amaliy muloqotni yo'lga qo'yish maqsadida Farmon asosida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashi tuzildi. Mazkur Maslahat kengashini tashkil etish g'oyasi Harakatlar strategiyasida ko'zda tutilgan va Prezidentimizning 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etilgan ilk Murojaatnomasida ilgari surilgandi.
Maslahat kengashi fuqarolik jamiyatini va keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni izchil asosda muhokama qilib, mazkur sektorning holati va rivojlanish tendentsiyasi haqida O'zbekiston Respublikasi Prezidentini muntazam ravishda xabardor qilib boradi.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi.
Shuni ham qayd etish joizki, fuqarolik jamiyati institutlariga ularning xalqaro hamkorligini rivojlantirishda, ilg'or xalqaro tajribani o'rganishda va ushbu tajribani O'zbekiston sharoitida joriy etishda ko'maklashish ham mazkur Maslahat kengashining vazifasidir. Maslahat kengashi faoliyati bevosita O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi
Shu o'rinda 2019 yil 30 oktyabrda Prezidentimizning “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyatini qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilinganini alohida ta'kidlash maqsadga muvofiqdir.
Qarorda kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni kompleks o'rganish, tahlil qilish va baholashning yaxlit va mustaqil tizimini shakllantirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish, ularni yanada rivojlantirishga oid takliflarni ishlab chiqish uchun ilmiy-amaliy maydon yaratishga qaratilgan bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashining samarali faoliyatini ta'minlash maqsadida Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi maqomida qayta tashkil etildi.
Markazning huquq va majburiyatlari mustahkamlab qo'yildi.
Markaz har yili O'zbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va uni rivojlantirish tendentsiyalari to'g'risidagi ma'ruzani O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashiga ko'rib chiqish uchun kiritadi. Maslahat kengashi, o'z navbatida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot beradi.
Fuqarolik jamiyati: jamoatchilik nazorati va shaxsning faol pozitsiyasi
Bugungi kunda Maslahat kengashi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 4 oktyabrda qabul qilgan “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o'zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi bilan ham izchil shug'ullanmoqda.
Mamlakatimizni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning jadal sur'atlari, o'z navbatida, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar, NNT hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtirok etishlaridagi rolini oshirish, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan tamoyillari va normalarini inobatga olgan holda ushbu yo'nalishdagi ularning faoliyatini avj oldirish uchun qo'shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurligini taqozo etmoqda. Davlatimiz rahbarining qarori xuddi shu maqsadga qaratilgan.
Qaror Harakatlar strategiyasi asosida qabul qilingan. U jamoatchilik fikrini tahlil etish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini ta'minlash asosida boshqaruv qarorlari qabul qilinishini sifat jihatdan yangi darajaga ko'tarishga xizmat qiladi.
Prezident qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
birinchidan, respublika, viloyatlararo NNTni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan 3 baravarigacha, viloyatdagi NNT uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.
ikkinchidan, faoliyatini tuman (shahar), shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan NNTni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
uchinchidan, NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashga davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklidagi mablag'lar Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar byudjetlari va Toshkent shahar byudjeti, shuningdek, tuman va shaharlar byudjetlarining xarajatlariga qo'shiladigan bo'ldi.
NNT to'g'risidagi kodeks nima uchun kerak?
Prezidentimiz qarorida belgilangan vazifalarni o'z vaqtida va to'liq bajarish bo'yicha bir qator amaliy ishlar qilindi. Jumladan, 2020 yil 1 fevralga qadar ishlab chiqiladigan Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeks loyihasini tayyorlashga ayni vaqtda Maslahat kengashi ekspert guruhlari jalb etilgan.
Bundan tashqari, qaror ijrosi doirasida 2019/2020 o'quv yilidan boshlab to'lov asosida NNT rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari tashkil etish masalasi ham dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu tashabbusni samarali ro'yobga chiqarishda tashkiliy-moliyaviy yechimlar alohida e'tiborni talab qiladi.
Yana bir muhim yangilik: 2019 yil 10 sentyabrda qabul qilingan “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunning 6-moddasiga muvofiq, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida»gi qonunning «Nodavlat notijorat tashkilotining majburiyatlari» nomli 8-moddasi uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Nodavlat notijorat tashkilotlarining o'tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilish tartibi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig'iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag'lari va mol-mulk olishni ro'yxatdan o'tkazuvchi organ bilan kelishib olish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi».
Qonunni qabul qilishdan maqsad idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar normalarini yuqori yuridik kuchga ega bo'lgan qonun hujjatlariga o'tkazish hamda qonunchilikni tizimlashtirish doirasida har bir idoraning vakolatini bosqichma-bosqich kamaytirish va bekor qilish bo'yicha tegishli vazifalarni amalga oshirishdir.
Shunga ko'ra, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida”gi qonunning 8-moddasiga kiritilgan o'zgartirishga asosan nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig'iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag'lari va mol-mulk olishni ro'yxatdan o'tkazuvchi organ bilan kelishish tartibini tasdiqlash Adliya vazirligi vakolatidan chiqarildi. Bu vakolat Vazirlar Mahkamasiga berildi.
Bundan buyon NNTning chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig'iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag'lari va mol-mulk olishni ro'yxatdan o'tkazuvchi organ bilan kelishish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qonunning qabul qilinishi tegishli ijtimoiy munosabatlar yuqoriroq yuridik kuchga ega bo'lgan qonun hujjatlari bilan tartibga solinishini ta'minladi.
Xulosa qilib aytganda, joriy yilning 22 dekabrida bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar mamlakatimiz hayotidagi eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqealardan sanaladi. Ayni vaqtda saylov kampaniyasi yangicha tashkiliy-huquqiy sharoitlarda bo'lib o'tmoqda va aholining fuqarolik faolligini o'stirishda muhim omil bo'lmoqda.
Bunda fuqarolik jamiyati institutlari alohida o'rin tutmoqda. Zero, ushbu jamoat tuzilmalari davlatning ijtimoiy sherigi sifatida, bir tomondan, aholi keng qatlamlari ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo'llab-quvvatlash, ikkinchi tomondan, fuqarolarni demokratik o'zgarishlar jarayoniga yanada keng jalb qilish borasida zarur imkoniyatlarni o'zida mujassam etgan.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 10.11.2019
- Ko'rishlar: 9392
- Chop etish