Ertaga poytaxtimizning “O'zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida shu mavzuda xalqaro forum boshlanadi. Anjumanda 50 dan ziyod xorijiy va 100 nafarga yaqin milliy ekspertlar ishtirok etadi.
Xalqaro forumni o'tkazishdan maqsad, avvalo, gender tenglikni ta'minlash hamda ayollar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqishdir. Shuningdek, gender tenglikni ta'minlash borasida qabul qilingan yangi normalar bilan xalqaro jamoatchilikni tanishtirishga alohida e'tibor qaratiladi.
Anjuman yakunlari bo'yicha gender tenglikni ta'minlash hamda ayollar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirishga doir amaliy taklif va tavsiyalar tayyorlash ko'zda tutilgan.
Forum bu sohadagi xorijiy tajribani o'rganish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xalqaro anjuman O'zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi tomonidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Forumda davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari taklif etilgan. Anjuman ishida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari ishtirok etadi.
Ma'lumot uchun: 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonunning 10-moddasiga muvofiq, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi davlat boshqaruvi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O'zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi, shuningdek davlat organlari tomonidan o'z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Qonunning 12-moddasida Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyaning vakolatlari belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 sentyardagi Farmoni bilan O'zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi tarkibi tasdiqlangan. Unga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Norboeva Komissiya raisidir. Komissiya a'zolari safida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Markaz direktorining o'rinbosari Dilnoza Muratova bor.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyunda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi mazkur Komissiyaning ham raisi hisoblanadi.
Komissiya a'zolari ro'yxatiga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori kiritilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.11.2019
- Ko'rishlar: 5308
- Chop etish