BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan 21 sentyabr kuni Farg'ona viloyatiga tashrifi doirasida Fuqarolik ishlari bo'yicha Farg'ona tumanlararo sudi faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda mehmon sud tizimiga tatbiq etilgan «E-sud» milliy tizimining samaradorligini ko'zdan kechirdi. U mazkur zamonaviy tizimdan foydalanish, xususan, sud`yalarni o'z faoliyatida ushbu tizimni qo'llashga o'qitish jarayonlariga e'tibor qaratdi.
Diego Garsiya-Sayan qayd etganidek, “Odatda, sud`yalarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish darajasi bir-biridan farq qiladi”. Shu ma'noda, ushbu ilg'or tizimni puxta o'zlashtirish uning samaradorligini yanada oshiradi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi sudga kelib tushgan ishlarni o'rganish va hal etish uchun sud`yalarga taqdim etishda «E-sud» milliy tizimi har qaysi ishni murakkabligi darajasiga qarab taqsimlashdek mas'uliyatli vazifani nechog'lik uddalashi bilan qiziqdi.
Bundan tashqari mehmonning “Sud jarayonida ishtirok etmayotgan shaxslar «E-sud» milliy tizimi orqali ma'lumotlar olish imkoniga egami?”, “Mazkur tizim bilan barcha sudlar ta'minlanganmi?” kabi savollariga ham muloqot asnosida atroflicha javoblar berildi.
D.Garsiya-Sayan O'zbekistonda sudlarga «E-sud» milliy tizimi tatbiq etilganini yuqori baholadi. Bu tizim sud`yalarning ishini juda osonlashtirishi va yengillashtirishi bilan birga, atrof muhitni himoya qilish va daraxtlarni asrab-avaylash imkonini ham beradi.
“Chunki mazkur yangi tizim joriy etilishi tufayli sudlov ishlari jarayonlarida qanchadan-qancha qog'ozlar isrof bo'ladigan avvalgi ish usulubidan voz kechilmoqda, – dedi pirovardida BMT Maxsus ma'ruzachisi. – Men Perudagi sudlar bilan aloqa o'rnatib, vatanimdagi sud`yalarni ham mazkur tizimdan foydalanishga o'rgatishingizni taklif etaman”.
Mo''tabar mehmon, shuningdek, Ma'muriy ishlar bo'yicha viloyat sudi raisi va Jinoyat ishlari bo'yicha viloyat sudi raisi bilan muloqotda bo'ldi. Bundan tashqari, BMT Maxsus ma'ruzachisi fuqarolik ishlari va iqtisodiy ishlar bo'yicha sud`yalar bilan suhbatlashdi. D.Garsiya-Sayan Farg'ona viloyati prokurori U.Qosimov bilan ham uchrashdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.09.2019
- Ko'rishlar: 5943
- Chop etish