21 oktyabr kuni O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida «Bag'rikenglik, hamjihatlik, totuvlik: O'mon islom risolasi» deb nomlangan ko'rgazma ochildi.
Ko'rgazmadan o'rin olgan kitoblar, foto suratlar O'mon Sultonligi madaniyatidan so'zlaydi.
Tadbir mehmonlari O'mon amaliy san'ati, xususan, sahhoflik, xattotlik namunalari, shuningdek, o'lka xalqi hayotidan hikoya qiluvchi eksponatlar bilan tanishmoqda.
– Diniy bag'rikenglik va totuvlik ko'p asrlik tarixga ega qadriyatlarimizdan hisoblanadi, – dedi ko'rgazmada ishtirok etgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi ta'lim va ma'rifat bo'limi boshlig'i Farhod Hayitboev. – Mamlakatimiz xalqaro maydonda ham diniy bag'rikenglik g'oyasini keng targ'ib etmoqda.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining taklifi bilan 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida «Ma'rifat va diniy bag'rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Bu bejiz emas. Bugun millatlararo totuvlik, diniy bag'rikenglik g'oyalarini targ'ib etish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. «Bag'rikenglik, hamjihatlik, totuvlik» ko'rgazmasi ham ayni shu ezgu maqsadga qaratilgan.
Ko'rgazma doirasida O'mon sultonligi taraqqiyotida islomiy qadriyatlarning o'rniga doir eksponatlar, xususan, Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ushbu o'lka hukmdoriga yo'llagan maktubning fotonusxasi namoyish etilmoqda, deb ma'lum qildi «Xabar.uz».
O'mon Sultonligining diniy bag'rikenglik, birdamlik va totuvlik g'oyalarini targ'ib qiluvchi o'ziga xos ko'rgazmasi fotosuratlar, arab xattotligi va soya san'ati, qum animatsiyasi kabi qator bo'limlardan iborat bo'lib, u an'anaviy tarzda dunyo shaharlari bo'ylab namoyish etib kelinadi. Hozirga qadar ushbu ko'rgazma dunyoning qirqqa yaqin mamlakatida o'tkazilgan.
Ko'rgazma 25 oktyabrgacha davom etadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
(O'zA va «Xabar.uz» fotolavhalari)
- Qo'shildi: 22.10.2019
- Ko'rishlar: 5270
- Chop etish