Joriy yilning 21 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi 889-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan hukumatning 10 ga yaqin qarorlariga o'zgartirishlar kiritildi.
Xususan, Davlat pensiyalarini tayinlash va to'lash tartibi to'g'risidagi nizomga kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, band shaxslarga ish staji davlat soliq xizmati organlari tomonidan beriladigan:
2019 yil 1 yanvarga qadar bo'lgan davr uchun — Pensiya jamg'armasiga sug'urta badallari;
2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun — yagona ijtimoiy to'lov to'langanligi to'g'risidagi ma'lumotnomalar bo'yicha belgilanadi.
Hozirga qadar faqat Pensiya jamg'armasiga sug'urta badallari to'langanligi to'g'risidagi ma'lumotnomalar bo'yicha belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to'lash tartibi to'g'risidagi nizomga ham tegishli o'zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, endilikda fuqarolar pensiya olish huquqi paydo bo'lganidan so'ng pensiya tayinlashni so'rab Pensiya jamg'armasining tuman (shahar) bo'limlariga ariza bilan murojaat qilganda, ulardan jamg'arib boriladigan pensiya daftarchasini talab etish bekor qilindi.
Shuningdek, qarorga muvofiq boquvchisini yo'qotganlik pensiyasini tayinlashni so'rab murojaat qilganda boquvchining vafot etganligi to'g'risidagi guvohnomaning asli o'rniga uning nusxasini taqdim etish huquqi joriy etildi.
Bu o'zgartirishlar pensiya tayinlashda fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligini oldini olishga qaratilgan. Shu bilan birga, ortiqcha qog'ozbozlikka ham barham beriladi.
Ommaviy axborot vositalari xabarlari asosida tayyorlandi
- Qo'shildi: 29.10.2019
- Ko'rishlar: 5709
- Chop etish