Ekologik islohotlar strategik darajada kuchaytiriladi
Munosabat
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unda belgilangan vazifalarning ahamiyati xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov o‘z munosabatini bildirdi:
– Prezidentimizning mazkur qarori mamlakatimizda ekologik islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor va o‘ta dolzarb tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Hujjat ekologik boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish, davlat nazorati samaradorligini oshirish, ekologik xavfsizlikni kuchaytirish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Qaror asosida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining tashkil etilishi, uning bevosita Prezidentga hisobdorligi va har qanday davlat organlaridan mustaqil faoliyat yuritishi — tabiatni muhofaza qilish sohasida markazlashgan, qat’iy va samarali davlat siyosatini amalga oshirishga imkon yaratadi. Bu ekologik muammolarni kechiktirmay hal etish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Alohida qayd etarli jihati shundaki, Ekopolitsiya faoliyatining kuchaytirilishi, inspektorlarga maxsus vakolatlar berilishi, zamonaviy texnika va maxsus vositalar bilan jihozlanishi atrof-muhitni ifloslantirishga qarshi kurashish imkoniyatlarini keskin oshiradi. Inspektorlarning xizmat faoliyatida bodi-kameralardan foydalanishi esa jamoatchilik nazoratini ta’minlab, shaffoflikni kuchaytiradi.
Sohani raqamlashtirishga oid chora-tadbirlar ham alohida ahamiyatga ega. Yagona ekologik onlayn platformaning ishga tushirilishi ekologik ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ish, qayta ishlash va ochiq taqdim etish imkonini yaratadi. Bu nafaqat nazorat mexanizmlarini, balki aholi ishtirokini ham sezilarli darajada kuchaytirishi shubhasiz.
Qarorda belgilab berilgan kompensatsiya to‘lovlari tizimini qat’iylashtirish, ayniqsa I va II toifadagi korxonalarning monitoring stansiyalarini o‘rnatishi shart qilib qo‘yilgani — tabiatga zarar yetkazish holatlarining oldini olishda muhim qadam hisoblanadi.
Aholining faol ekologik ishtirokini ta’minlashga qaratilgan normalar ham e’tiborga molik. Jumladan, daraxtzorlarni saqlab qolishga oid mahalla aholisi tashabbusi bilan muayyan maydonlarni olib qo‘yishga taqiq joriy etish imkoniyati jamoatchilikning ekologik siyosatdagi rolini yanada kuchaytiradi.
Shuningdek, Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasining tashkil etilishi ekologik loyihalarni moliyalashtirishda barqaror mexanizmlarni shakllantirib, uzoq muddatli ekologik siyosatni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, mazkur qaror mamlakatimizda ekologik islohotlarni strategik darajada kuchaytirish, ekologik tahdidlarga tezkor va qat’iy javob berish, aholining ekologik huquqlarini ta’minlash va sohada zamonaviy boshqaruvni joriy etishda juda katta ahamiyatga ega.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский