Adliya vazirligida BMTning Terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquq va erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionulla Ni Aolayn bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda adliya vaziri Ruslanbek Davletov F.Aolaynni O‘zbekiston Respublikasida xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumati asosiy e’tiborni ushbu illatning tarqalishiga yordam beruvchi shart-sharoitlar va sabablarni aniqlash va bartaraf etishga qaratayotgani alohida ta’kidlandi.
R.Davletov inson huquqlari va qonun ustuvorligini hurmat qilish O‘zbekistonda terrorizmga qarshi kurashning ajralmas qismi hisoblanishi, terrorizmga qarshi hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralari milliy qonunchilik va mamlakatning xalqaro huquqiy majburiyatlariga to‘liq mos kelishini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish, jumladan, qiynoqlarning oldini olish, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyatini erkinlashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini rivojlantirish, gender tengligini ta’minlash sohalarida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar berildi.
O‘z o‘rnida, F.Aolayn O‘zbekistonda keyingi besh yilda amalga oshirilgan islohotlarning ko‘lami va samaradorligini yuqori baholadi. Jumladan, F. Aolayn O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘z fuqarolarini Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli mojarolar hududlaridan qaytarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va qaytarilgan fuqarolar reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni yuksak baholadi.
F.Aolaynning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu sohada dunyoda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi va bu yo‘nalishdagi O‘zbekiston tajribasi boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Tadbir davomida ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini kelgusida davom ettirishga kelishib olindi. Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 30.11.2021
- Ko'rishlar: 3917
- Chop etish