Farg'ona shahrida «Odam savdosiga qarshi kurashish masalalarini ommaviy axborot vositalarida samarali yoritish» mavzusida jurnalistlar uchun o'tkazilgan o'quv seminarida bu haqda fikr yurtildi. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMTning migratsiya bo'yicha agentligi – Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan o'zaro hamkorlikda tashkil etildi.
Treningni Xalqaro migratsiya tashkilotning O'zbekiston bo'yicha menejeri Sanjarbek Toshboev olib bordi. Uning ta'kidlashicha, globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir paytda transmilliy uyushgan jinoyatchilik ham tobora ko'paymoqda. Buning oqibatida global muammolardan biri – odam savdosi katta tashvish uyg'otmoqda.
Yaqinda Buyuk Britaniyaning “Guardian” nashri, Xalqaro mehnat tashkiloti va “Walk Free Foundation” ma'lumotlariga tayangan holda, ushbu holatga quyidagicha baho berdi. Ya'ni, hozirgi kunda sayyoramiz aholisining taxminan 40 million 300 ming nafari zamonaviy qullik iskanjasidadir.
Odam savdosiga qarshi kurashishda quyidagi 4 ta tamoyilning samarali tatbiq etilishi juda muhimdir. Bular – oldini olish, ko'mak berish, ta'qib etish va hamkorlik qilish tamoyillaridir.
Ommaviy axborot vositalari aholining huquqiy savodxonligini oshirish, odam savodosi holatlarining oldini olish va bunda tahdidlarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Jurnalistlarning bu boradagi faoliyati faqat shu bilangina cheklanib qolmaydi. Ularda e'lon qilingan xabarlari, bir tomondan, odam savdosi jabrdiydalariga ko'mak berish uchun qo'l kelsa, ikkinchi tomondan, bu illat bilan shug'ullanadigan kimsalarni ta'qib qilishda muayyan o'rin tutadi. Shu bilan birga, OAVlar mamlakat miqyosida, xorijiy va xalqaro ko'lamlarda ham turli tashkilotlar hamda muassasalar o'rtasida hamkorlik aloqalarining rivojlanishida o'ziga xos ko'prik vazifasini o'taydi.
Jahon hamjamiyati tomonidan 2018 yilning dekabrida Marokashda Migratsiya bo'yicha global shartnoma qabul qilindi. Ushbu xalqaro hujjatni O'zbekiston ham qo'llab-quvvatladi. Global shartnomada migratsiya masalalariga keng qamrovli va yalpi yondashish borasida, jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish, migrantlarga nisbatan kamsitish va toqatsizliklarga yo'l qo'ymaslik kabi vazifalarni hayotga tatbiq etishda ommaviy axborot vositalarining o'rni alohida ekani ta'kidlangan.
- Ayni chog'da, odam savodasiga qarshi kurashish va tahdidlarni kamaytirish mavzularini samarali yoritish ommaviy axborot vositalari zimmasiga muayyan mas'uliyat yuklaydi. Xususan, bu jarayonlarda jurnalistlarning tegishli kasbiy mahoratga egaligi, umume'tirof etilgan xalqaro printsip va normalarni bilishi, milliy qonunchilik talablaridan xabardorligi, bunday qaltis hodisalarni yoritish uchun ruhiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa mezonlar bo'yicha shay bo'lishi taqozo etiladi,-dedi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari, yuridik fanlari doktori Mirzatillo Tillaboev.
Notiqning ma'ruzasida qayd etilishicha, O'zbekiston Xalqaro migratsiya tashkilotining to'laqonli a'zosi hisoblanadi. Mamlakatimiz ushbu nufuzli tashkilot odam savdosiga qarshi kurashish va uning jabrdiydalariga ko'mak berish sohasida amalga oshirilayotgan dasturlarida ishtirok etib kelmoqda.
Binobarin inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh etish yo'lida keng qamrovli o'zgarishlar izchilllik bilan joriy etilmoqda. Jinoyatchilikka, jumladan odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga barham berish masalalariga ustuvor darajada e'tibor qaratilib, ushbu huquqbuzarliklarning oldini olish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Odam savdosidan jabr ko'rgan kishilarni aniqlash va himoyalash borasida ta'sirchan amaliy ishlar qilinmoqda. Jabrdiyda fuqarolarga tibbiy, ruhiy-ma'naviy va boshqa xil ko'maklar ko'rsatilmoqda.
Respublikamizda mehnat migrantlari – mamlakatimizning xorijdagi fuqarolarini himoya qilish, shuningdek, odam savodasi jabrdiydalari va ojiz migrantlarga yordam berish masalalariga tobora katta e'tibor qaratilmoqda. Odam savdosiga qarshi kurashishning huquqiy va tashkiliy asoslari yaratilgan hamda bunday jinoyat jabrdiydalarini himoya qilish mexanizmlari ishlab chiqilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyunda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoniga muvofiq, Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi.
Prezidentimizning 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo'yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o'zaro hamkorligini, milliy ma'ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta'minlovchi davlat organidir.
Markazning asosiy vazifalari qatorida inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko'maklashish, inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish kabi muhim vazifalar ko'zda tutilgan. Markaz direktori Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining a'zosi hisoblanadi.
- Shu ma'noda, Farg'onada tashkil etilgan ikki kunlik trening mashg'ulotlarini o'tkazishdan asosiy maqsad - odam savdosiga qarshi kurashish mavzusini samarali yoritish borasida ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, davlat organlari matbuot xizmatlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirishga ko'maklashishdir,- deydi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Matbuot xizmatining rahbari G'ulom Mirzaev.
O'quv mashg'ulotlarini milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar olib bordi. Dasturdagi bir birini to'ldiruvchi o'n ikki mavzu bo'yicha mediator, ekspert va mutaxassislarning ma'ruzalari tinglandi. MXTning Belarus` Respublikasidan tashrif buyurgan tashkiliy rivojlanish, jamoat bilan aloqalar, jurnalistika va mediamenejment bo'yicha ekspertlari Vitaut Rudnik va Lana Rudniklar tomonidan o'tkazilgan “mahorat darslari” g'oyat qiziqarli kechdi.
Jumladan, “Professionallik, etika, atamalar va odam savdosiga oid masalalarni OAVlarda yoritishning o'ziga xos jihatlari”, “Odam savdosiga qarshi kurashish mavzusi va xatarlarni minimallashtirish bo'yicha avdio-vizual materilalar hamda infografika tayyorlash”, “Stori-telling va odam savdosi holatlarini yoritishning boshqa samarali turlari”, “Blogerlar, inflyuenserlar odam savdosiga qarshi kurashish masalalarini onlayn tarzda yoritishning boshqa turlari”ga oid mashg'ulotlar fikrimiz dalilidir.
- Anjumanda hozirgi davrning g'oyat o'tkir muammolarini ta'sirchan yoritish bo'yicha OAV xodimlari kasbiy mahoratini, huquqiy bilimini oshirish bilan birga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan kengroq qo'llanish borasidagi tushunchalarini boyitishda ham muhim ahamiyat kasb etdi, deydi jurnalist Akramjon Sattorov.
Interfaol shakldagi muloqotlarda mavjud nazariy va huquqiy manbalarning ahamiyati amaliy mashqlar bilan uyg'unlikda ko'rib chiqildi. Odam savdosiga qarshi kurashish mavzusida matbuot anjumani o'tkazish, interv`yu olish bo'yicha amaliy mashg'ulotlarda tinglovchilarning salohiyati, layoqati va mahorati sinab ko'rildi. Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Abdulla G'OZIEV,
“Shifokor va hayot” gazetasi muharriri
Ma'lumot uchun: Abdulla G'oziev – Farg'ona shahrida 2019 yil 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari «Odam savdosiga qarshi kurashish masalalarini ommaviy axborot vositalarida samarali yoritish» mavzusida jurnalistlar uchun o'tkazilgan o'quv seminarining ishtirokchisi. Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMTning migratsiya bo'yicha agentligi – Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan o'zaro hamkorlikda tashkil etilgan.
Abdulla aka mashg'ulot kunlari ham faollik ko'rsatib, trening jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritishga hissa qo'shgan. Mana, oradan bir oydan ko'proq vaqt o'tib, “Tibbiyot va zamon” jurnalining 2019 yil 5-sonida o'sha mavzu tafsilotlari bo'yicha yana maqola chiqaribdi. Hamkasbimizga minnatdorlik bildirgan holda, ushbu ijod mahsulini saytimizda ham e'lon qilishga jazm etdik.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.12.2019
- Ko'rishlar: 5269
- Chop etish