Ijtimoiy shartnoma tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan ko‘mak choralarini ko‘rsatishga doir tartib-tamoillarni takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan ko‘mak choralarini ko‘rsatish uchun ijtimoiy shartnoma tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Nizomda:

ijtimoiy shartnoma asosida ko‘mak choralarini ko‘rsatish; 

ijtimoiy shartnomani rasmiylashtirish va unda nazarda tutiladigan shartlar; 

ijtimoiy shartnoma bajarilishini monitoring qilish tartibi belgilab berilgan. 

Qarorga ko‘ra, mahallalardagi kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari 2025 yil 1 martdan boshlab Sirdaryo viloyati Xovos tumanida, 2025 yil 1 maydan boshlab respublikaning boshqa hududlarida ijtimoiy shartnoma asosida ko‘rsatiladi. 

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar tomonidan ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, ushbu oilalarga to‘lanadigan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam miqdorini “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori bilan 30 foizgacha kamaytirish tartibi joriy etiladi. 

2025 yil 1 martdan boshlab “Raqamli mahalla” elektron platformasida ijtimoiy shartnoma asosida davlat tomonidan ijtimoiy ko‘mak choralaridan foydalanib, o‘zining majburiyatlarini bajarmagan fuqarolarning reyestri yuritilib boriladi. 

Reyestrga kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejada belgilangan ijtimoiy ko‘mak choralari bo‘yicha majburiyatlarni bajarmagan fuqarolar kiritiladi.

Reyestrga kiritilgan shaxslarga ular Reyestrda bo‘lgan davrda “mahalla yettiligi” yoki ularning vakillari tomonidan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan kredit, subsidiya, grant va moddiy yordam turlari uchun tavsiyalar berilmaydi. 

Qarorga muvofiq: 

Oilaning mehnatga layoqatli a’zolari band bo‘lishi sharti bilan ko‘rsatiladigan ayrim ijtimoiy xizmat va yordamlar ro‘yxati; 

Oilaning mehnatga layoqatli a’zolaridan band bo‘lish sharti talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati; 

Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi. 

O‘zA

Powered by GSpeech