Toshkentda tashkil etilgan “XXI asrda gender va yoshlar masalalari bo'yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzuidagi nufuzli xalqaro forumda ushbu dolzarb masala ham muhokama markazida bo'ldi.
O'zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi tomonidan qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
a'zolari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda BMT, YEXHT DIIHB, Xalqaro migratsiya tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Forumning gender tenglik va yangicha mazmundagi oila siyosati masalalariga bag'ishlangan ikkinchi sho''ba majlisini Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “BMT-ayollar” ofisi vakili Ul`zisuren Jamsran boshqardi.
Xalqaro anjumanda gender tenglikni ta'minlash bo'yicha O'zbekistonda sezilarli qadamlar qo'yilgani ta'kidlandi. Shu maqsadga qaratilgan qonunlar qabul qilinib, davlat boshqaruvida xotin-qizlarning o'rnini kuchaytirishga e'tibor qaratilmoqda.
Biroq mamlakatda xotin-qizlar aholining yarmidan ko'pini tashkil etishiga qaramay, muhim qarorlar qabul qilinishida ularning o'rni hali yetarli emas. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar salmog'i hamon kamligicha qolmoqda.
Jamiyat va davlatni boshqarishda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning manfaatlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha O'zbekistonda olib borilayotgan ishlar va ularning natijalari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Ikkinchi sho''ba ishi doirasida bir qator milliy va xorijiy ekspertlarning gender va oila siyosatiga doir ma'ruzalari tinglandi.
Jumladan, Ozarbayjon Respublikasi Oila, ayollar va bolalar muammolari bo'yicha davlat qo'mitasi rahbari Hijran Guseynova “Gender, ayollar, bolalar: Ozarbayjon tajribasi va amaliyoti”, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqotlar instituti direktori Dilorom Toshmuhamedova “Oila institutini mustahkamlash siyosati – O'zbekiston ijtimoiy siyosatining qismi sifatida”, Qozog'iston Respublikasi parlamenti Senati deputati, Qozog'iston Prezidenti huzuridagi Ayollar ishlari va oila-demografiya siyosati bo'yicha milliy komissiyasi raisi Lazzat Suleyman “Qozog'iston oila va gender siyosati sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish istiqbollari” mavzularida ma'ruza qildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
(O'zA fotosuratlaridan foydalanildi)
- Qo'shildi: 29.11.2019
- Ko'rishlar: 5370
- Chop etish