Bugun – 2019 yil 20 noyabrda xalqaro hamjamiyat BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganining 30 yilligini nishonlamoqda. Konventsiyada bolalarning shaxsiy va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari, ularni ta'minlash va himoyalash printsiplari belgilangan.
Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya BMT Bosh Assambleyasining 1989 yil 20 noyabrda bo'lib o'tgan 44-sessiyasida qabul qilingan va 1990 yili kuchga kirgan. Dunyodagi 196 ta davlat, shu jumladan, BMT a'zosi bo'lmagan Vatikan kabi davlatlar ham mazkur Konventsiya ishtirokchilari hisoblanadi.
O'zbekiston Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo'shilgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat mamlakatimiz uchun 1994 yil 29 iyuldan kuchga kirgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 iyuldagi qaroriga asosan BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Tadbirlar dasturi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini bajarish yo'lida navbatdagi muhim qadam bo'ldi.
Dastur ijrosi doirasida, davlat va nodavlat tuzilmalarda mavjud salohiyat va resurslardan foydalangan holda, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya normalari aholi o'rtasida keng targ'ib qilinmoqda.
Ayniqsa, bola huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar haqida joylardagi bolalar manfaatlari yo'lida ishlayotgan tegishli davlat va jamoat tuzilmalarini maqsadli, yalpi va tizimli xabardor qilishni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.11.2019
- Ko'rishlar: 5611
- Chop etish