Markazning ma'rifiy-huquqiy aktsiyasi: 1-uchrashuv

Qashqadaryo viloyatida keyingi ikki yilda jami 820 ta maktabgacha ta'lim muassasasi ishga tushirildi. Ahamiyatlisi, ularning 767 tasi nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasidir. Mazkur tadbir samarasida 2019 yilda viloyatda maktabgacha yoshdagi bolalarning maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrovi 2016 yildagi 12 foizdan – 38 foizgacha oshdi.

Oliy ta'lim sohasidagi o'zgarishlar haqida so'z borganda, viloyatning yetakchi oliy ta'lim muassasasi bo'lmish Qarshi Davlat universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan ma'rifiy-ma'naviy ishlarni alohida ta'kidlash lozim.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning «Inson huquqlarini o'qitishning uzluksiz tizimini yaratish – bugungi islohotlar talabi» mavzuida tashkil etilgan ma'rifiy-huquqiy aktsiya doirasidagi dastlabki uchrashuvi xuddi shu ta'lim maskanida bo'lib o'tdi.

Universitet rahbariyati va professor-o'qituvchilari bilan samimiy muloqotlar chog'ida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida keyingi uch yil davomida, xususan, 2019 yilda erishilgan natijalar diqqatga sazovor ekani e'tirof etildi. Shu bilan birga, oldimizda aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, milliy iqtisodiyot qudratini oshirish, mavjud imkoniyatlardan xalqimizni baxtiyor etish yo'lida yanada keng foydalanish uchun 2020 yil sinov yili bo'lishi ta'kidlandi.

Markaz tomonidan beg'araz asosda taqdim etilgan inson huquqlari mavzusiga oid 100 ta kitob negizida Qarshi Davlat universiteti kutubxonasi qoshida “Inson huquqlari kutubxonasi” tashkil qilindi.

Oliy ta'lim muassasasi professor-o'qituvchilari va talabalari foydalanishlari uchun mazkur kutubxonaga akademik A.Saidovning turkum kitoblari ham sovg'a qilindi.

 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech