12 fevral kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi delegatsiya a'zolari Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Adliya hamda Tashqi ishlar vazirliklari vakillari Farux Xan, Alis Bat va Elspel Reynbau bilan uchrashdi.
Buyuk Britaniya BMTning inson huquqlari sohasidagi 7 ta asosiy konventsiyasini ratifikatsiya qilgan. Mamlakatning ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlarda belgilangan majburiyatlarini bajarishi borasida Adliya va Tashqi ishlar vazirliklari muhim rol` o'ynaydi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillarining ushbu amaliy tashrifi ham bevosita Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi va BMTTDning Toshkentdagi vakolatxonasi tashabbusi bilan tashkil etilgani ham bejiz emas.
O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi 10 ta asosiy xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilgan. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mamlakatning ana shu xalqaro-huquqiy hujjatlarda belgilangan majburiyatlarini bajarishi bilan bog'liq ishlarga yagona muvofiqlashtiruvchi va mas'ul organ hisoblanadi.
Muloqot davomida Buyuk Britaniyaning inson huquqlarini ta'minlash sohasidagi boy tajribasi e'tirof etildi. Britaniyalik hamkasblarimizning biznes va inson huquqlari bo'yicha milliy harakatlar rejasini ishlab chiqishdagi o'ziga xos yondashuvi muhim ekani ta'kidlandi.
Yaqin istiqbolda bu borada O'zbekiston tomoni o'z dasturiy hujjatlarini tayyorlashga kirishadi. Shuni nazarda tutgan holda, ayni yo'nalishda, umuman, inson huquqlarini ta'minlashning turli sohalarida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish xususida amaliy fikr almashildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.02.2020
- Ko'rishlar: 4732
- Chop etish