NAVRO‘Z – UMUMXALQ BAYRAMI

Qahraton qish shiddatidan so‘ng ham tanga, ham qalbga iliqlik olib keluvchi quyosh nurlari yurtimiz zaminiga o‘zgacha husn va ko‘rk baxshida etmoqda. Iliq kunlarning yomg‘irli mavsumi boshlanib, tuproq va daraxtlarning bir necha oylik sukunatiga yakun yasamoqda.

Uyg‘onish fasli bo‘lmish bahorning dastlabki oyi ham bir qator bayramlari bilan kishi kayfiyatini ko‘tarishda hissadordir. Bulardan biri 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bo‘lsa, yana biri 21 mart – Navro‘z umumxalq bayrami hisoblanadi. Navro‘z bayrami yurtimizda 1991 yildan boshlab umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelinmoqda.

Ayni kunlarda ham Prezidentimiz qarori asosida yurtimizda Navro‘z bayramini keng ko‘lamda nishonlashga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Navro‘z faqat O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz ikki yil davomidagina emas, balki juda olis davrlarda ham xalqimiz tomonidan keng nishonlab kelingan.

Navro‘z so‘zi – “yangi kun” degan ma’noni anglatadi. Bundan bir necha asr muqaddam kirib kelajak yangi yil hisobi aynan shu sanadan boshlab hisoblangan. Navro‘z Sharq xalqlari o‘rtasida yuksak ahamiyatga molik bayram sifatida O‘zbekiston bilan bir qatorda Eron, Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Ozarbayjon, Bahrayn, Livan, Pokiston, Hindiston, Tojikiston, Turkiya, Albaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi ko‘plab mamlakatlarda nishonlanadi.

Aksariyat olimlar Navro‘zning kelib chiqishi zardushtiylik diniga borib taqalishini aytishadi. Tilak bildirishlar, malaklarning yerga tushishi to‘g‘risidagi turli afsonalar esa ushbu taxminlarning haqiqatga yaqin ekanligini tasdiqlaydi. Bora-bora Navro‘z ommalashgani sari sayil tarzida tashkil etilib, xalqning xohishiga qarab turli musobaqalar: kurash, ko‘pkari, qo‘chqor va xo‘roz urushtirishlar o‘tkazila boshlangan. 

Navro‘z haqida so‘z borganda, beixtiyor ushbu bayramning shoh taomi bo‘lmish sumalak haqida aytmaslikning iloji yo‘q. Yosh-u qari, katta-yu kichikni o‘ziga rom etuvchi ushbu ajoyib taom ham 3 ming yillik tarixga ega.

Ayni kunlarda yurtimizda sumalakxo‘rlik avj pallada. Qishning izg‘irinida immun tizimi kuchsizlanib qolgan, turli xil konservantlar me’dasiga tegkan inson uchun tabiiy, toza o‘stirilgan bug‘doydan tayyorlangan sumalak ayni muddao.

Hamma yoqda bayram shukuhi. Naro‘z dasturxoni uchun turli xil bahoriy, milliy taomlar tayyorlanmoqda. Sayil uchun ko‘cha, xiyobon va maydonlar hozirlanmoqda.

“Ollohning nazari tushgan” deya ulug‘lanuvchi ushbu yurtda nafaqat Navro‘z balki har qanday oddiy kun ham bayram qilishga arziydi. Mehrli va mehmondo‘st xalqimizga yaxshiliklar yor bo‘lsin, Navro‘z muborak bo‘lsin!

 

Og‘abek  ABDURASULOV, 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimi

Powered by GSpeech