Ta’lim va ilm-fanga baxshida umr

2023 yil 23 may kuni Toshkent davlat yuridik universitetida  marhum yuridik fanlar doktori, professor Zaynitdin Islomov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan “Huquq nazariyasi va tarixining yuridik kadrlar tahliliy ko‘nikmalarini shakllantirishdagi o‘rni” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyaning ma’naviy-ma’rifiy qismida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilar, milliy va xorijiy ekspertlar, Z.Islomovning oila a’zolari, shogirdlari va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni Universitetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Axrorxon Xoshimxonov ochib berdi.

Ochilish qismida faxriy mehmonlar – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Shuxrat Jalilov, yuridik fanlari doktorlari, professorlar Jo‘raboy Toshqulov, Isa Xamedov, Foziljon Otaxonov, Mavluda Axmedshaeva va boshqalar o‘z xotiralari bilan Z.Islomovning ilmiy-pedagogik faoliyati hamda insoniy fazilatlari to‘g‘risida o‘rtoqlashdilar.

Ta’kidlanganidek, professor Zaynitdin Islomov umrining 50 yildan ortiq qismini ta’lim va ilm-fanga bag‘ishladi, minglab talabalar va magistrlarga saboq berdi. O‘zbekistonda davlat va huquq nazariyasi va tarixi, shuningdek mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslari, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish masalalari kabi dolzarb mavzularda ilmiy tadqiqotlar olib borib, 200 dan ziyod ilmiy va ilmiy-ommabop ishlarni chop etdi.

Z.Islomov o‘zining ilmiy yo‘nalishida o‘z maktabini yaratgan bo‘lib, uning ilmiy rahbarligi ostida 20 dan ortiq yuridik fanlar doktori va yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajalarini olish bo‘yicha dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilingan.

Olimning  o‘zbek va rus tillarida chop qilingan “Davlat va huquqning umumnazariy muammolari: huquqni tushunish, huquqiy ong va huquq ijodkorligi”, “Huquq tushunchasi, mohiyati, ijtimoiy vazifasi”, “O‘zbekiston modernizatsiyalash va demokratik tariqqiyot sari” , “Davlat va huquq nazariyasi”, “Inson huquqlari va hozirgi zamon yurisprudensiyasi” kabi monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmalari yurisprudensiya sohasida nazariyotchi va amaliyotchilarni kamolga yetkazishda muhim manba bo‘lib xizmat qilayotgani e’tirof etildi.

Ustozning samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan e’tirof etilib, u 2003 yilda “Shuhrat” medali,  “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Professor Foziljon Otaxonov o‘z so‘zida ustozi Zaynitdin Islomov “Davlat va huquq nazariyasi” fanidan birinchi kursda seminar darslarni o‘tganligini, talabalar orasida o‘zgacha hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lganligini, universitetni birtirgandan so‘ng ham unga har doim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ilmiy ish qilishga rag‘batlantirib kelganligini, yurisprudensiyani rivojlantirishga astoydil intilganligini, inson sifatida oq ko‘ngil, ko‘pchilikka yaxshilik qilishdan charchamaydigan oliy himmat bo‘lganligini chuqur va samimiy minnatdorchilik bilan xotirladi.

Xalqaro konferensiyaning ilmiy qismida mamlakatimiz olimlari bilan bir qatorda AQSh, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlaridan professor-o‘qituvchilar va advokatlar onlayn-oflayn shaklda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Mediator.uz

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

 

Powered by GSpeech