Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

 O‘ZBEKISTONNING TASHQI SIESII TASHABBUSLARI FAQAT MILLIY MANFAATLARDAN KELIB CHIKQAN HOLDA UZOQ ISTIQBOLGA QARATILGAN

25 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida onlayn tarzda ishtirok etib, nutq so‘zladi.

YeOII milliy iqtisodiyotlarni har tomonlama modernizatsiya qilish, o‘zaro hamkorlik va raqobatbardoshligini oshirish hamda a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish manfaatlarida barqaror rivojlanish uchun sharoitni yaratish maqsadida tashkil etilgan. O‘zbekiston 2020 yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev  ilgari surgan takliflar tashkilot doirasidagi amaliy savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish uchun sifat jihatidan salmoqli hissa bo‘lib xizmat qiladi.

Eduardo Gulyan (Ispaniya),

«ACIR Southern Europe» Yevroosiyo biznes alyansi rahbari :

- O‘zbekiston Prezidenti sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika va elektron platformalarni birlashtirish sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratib, YeOII doirasida kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniq-ravshan belgilab berdi.

Xususan, u o‘zaro savdo-sotiqdagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishga e’tibor qaratib, iqtisodiy aloqalarning barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha yondoshuvlarni yanada muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston rahbarining muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni kuchaytirish bo‘yicha tashabbusini alohida ta’kidlashni istar edim. Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan xalqaro Shimol–Janub yo‘nalishlari va boshqa avtomobil yo‘llarini rivojlantirish tashabbusi katta e’tiborga molik.

O‘zbekiston rahbarining ushbu taklifi O‘zbekistonning eksport salohiyatini yanada mustahkamlash va yangi transport yo‘laklarini barpo etish nuqtai nazaridan dolzarbdir, deb hisoblayman.

Yevropada YeOIIning rivojlanishi, "to‘rt erkinlik" - tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi erkinligini shakllantirish vazifalarining izchil amalga oshirilishi katta qiziqish bilan kuzatilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bugungi kunda O‘zbekiston ochiq iqtisodiy siyosat olib bormoqda, savdoni erkinlashtirish, sanoatni modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

O‘ylaymanki, dunyoning barcha mamlakatlari jahon bozorlaridagi beqarorlik va global ta’minot zanjirlarining uzilishiga ro‘para kelgan bir sharoitda iqtisodiy barqaror o‘sishni ta’minlashga hamda  raqobatbardoshlikni oshirishga yo‘naltirilgan samarali amaliy yechimlar zarur.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ning YeOIIning navbatdagi yig‘ilishida ilgari surgan tashabbuslari, mening fikrimcha, o‘z vaqtida ko‘tarilgan masalalar bo‘lib, ular o‘zida jahon iqtisodiy kun tartibining dolzarbligini aks ettiradi.

 Vasiliy Kashin (Rossiya),

Oliy Iqtisodiyot maktabining Yevropa va xalqaro munosabatlar ilmiy-tadqiqot markazi direktori:

-  Prezident Shavkat Mirziyoyev  O‘zbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida muhim nutq so‘zladi. O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi mamlakat sifatida a’zo bo‘lganidan beri ushbu tuzilmaning tadbirlarida muntazam ravishda ishtirok etib kelmoqda.

O‘zbekiston rahbari YeOII mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, birinchi navbatda, savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish, tovar ayirboshlashni keskin oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, sanitariya nazorati tartib-qoidalari, tegishli ruxsatnomalar berilishini soddalashtirish va boshqalar bilan bog‘liq qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston rahbariyati ittifoq bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun salmoqli sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, Prezident bayon etganidek, «O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston» temir yo‘l tarmog‘i singari respublika ilgari surayotgan muhim transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda YeOII a’zolarining hamkorligini kutmoqda.

«Dunyo» AA

 

Powered by GSpeech