Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda demokratiya va inson huquqlarining zamonaviy mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizim yaratilgan bo‘lib, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlari inson huquqlariga hurmatni kuchaytirish va inson huquqlari sohasidagi ta’limni butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirish borasida faol ish olib bormoqda. Eng muhimi, O‘zbekiston jamiyati qonun ustuvorligi va inson huquqlari tamoyillariga qat’iy amal qiladi, buning kafolati – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidir.
6 noyabr kuni G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filialida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizning mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni muhokama qilingan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali direktori Qalandar Abdurahmonov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchi va huquqiy kafolati, Vatanimiz mustaqilligining yorqin ramzidir. Bosh qomusimizning qabul qilinishi mamlakat suverenitetining eng muhim bosqichlaridan biriga aylandi. Asosiy qonunimiz inson huquq va erkinliklarini, jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishga asos bo‘ldi.
O‘z navbatida, Akmal Saidov “Konstitutsiyaviy islohotlar – talabalar nigohida” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatining “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” yo‘nalishi doirasidagi jamoatchilik muhokamasida birinchilardan bo‘lib ishtirok etgani uchun Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali jamoasiga minnatdorchilik bildirdi. Bunday tezkor va xolis yondashuv mazkur oliy ta’lim maskani rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talabalarining faol fuqarolik pozitsiyasiga egaligidan dalolat berishini alohida e’tirof etdi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar, shuningdek, akademik A.Saidov ko‘p yillardan buyon Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali talabalari bilan muntazam uchrashib kelayotganiga e’tibor qaratdilar. Binobarin, bunday jonli muloqotlar, interfaol ma’ruzalar yoshlarga O‘zbekiston Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini teran anglash hamda kelgusida amaliyotga samarali tatbiq etish borasida juda qo‘l kelmoqda.
So‘nggi yillarda Akmal Xolmatovichning dolzarb mavzulardagi ko‘plab ilmiy-huquqiy, falsafiy-siyosiy va tarixiy-badiiy asarlari chop etildi. Taniqli olim, jumladan, Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali olimlari bilan hamkorlikda tayyorlangan bir qator ilmiy nashrlarning hammuallifi hisoblanadi.
Shularni inobatga olib, Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali Ilmiy kengashining 2023 yil 17 noyabrdagi qarori bilan akademik A.Saidov ushbu nufuzli oliy o‘quv yurtining "Faxriy professori" unvoni bilan taqdirlandi. Tadbir doirasida A.Saidovga shu haqdagi guvohnoma, ko‘krak nishoni va faxriy libos topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.12.2023
- Ko'rishlar: 3125
- Chop etish