BMT kengashi sessiyasida O‘zbekiston e’tirof etildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasida O‘zbekiston Universal davriy sharh doirasida mazkur kengash tavsiyalarini maqbul darajada bajarib kelayotgan davlat sifatida e’tirof etildi.

Shu munosabat bilan Jeneva shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimizning BMT huzuridagi Jenevada joylashgan vakolatxonasi va «UPR-Info» xalqaro nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda ayni mavzuda tadbir o‘tkazildi.  

Tadbirda Ozarbayjon, Irlandiya, Qirg‘iziston, Litva, Lyuksemburg, Niderlandiya, BAA, AQSH, Serra-Leona, Fransiya va BMT, YUNFPA kabi xalqaro tashkilotlar hamda «Justice for all international» xalqaro nohukumat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi prezidenti, elchi Omar Zniber tadbir ishtirokchilarini qutladi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mazkur tadbirda onlayn ishtirok etdi.

Ma’lumki, 2023-yil noyabr oyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharh bo‘yicha ishchi guruhi O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqdi. Ishchi guruh milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqishi chog‘ida 80 dan ortiq davlatdan 234 ta tavsiya bildirildi.  

A.Saidov bu boradagi amaliy hamkorlik va foydali tavsiyalar uchun BMT Kengashiga a’zo davlatlar va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasiga minnatdorlik bildirdi. «UPR-Info» xalqaro nohukumat tashkiloti O‘zbekistonning Milliy ma’ruzasini tayyorlash jarayonida delegatsiyamiz a’zolarini samimiyat va ishchanlik bilan qo‘llab-quvvatlaganini e’tirof etdi. Shu munosabat bilan ushbu xalqaro NNT rahbariyati va faollariga tashakkur izhor etdi.

– O‘zbekiston hamkor davlatlar, boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashishning o‘ziga xos mexanizmi sifatida Universal davriy sharh jarayoniga to‘liq sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi A.Saidov. – Biz Universal davriy sharh majburiyatlari hukumatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda qabul qilinishini va yaxshi niyat tamoyili sifatida milliy darajada amalga oshirilishi misolida uni hurmat qilish kerakligini e’tirof etamiz.

O‘zbekiston hukumati, parlamenti, advokatura va fuqarolik jamiyatining o‘zaro bog‘liq rollarining to‘g‘ri ishlashi zarurligini tasdiqlagan holda, Universal davriy sharh doirasida o‘z milliy ma’ruzalarining ko‘rib chiqilishi yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni maqbul tarzda bajarish uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan faol hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Tadbirda, shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Bryus va BMT Taraqqiyot dasturining Jenevadagi ofisi direktori Agi Veresning ma’ruzalari tinglandi.  

Muhokamalarda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Matilda Bogner, shuningdek, Fransiya, Serra-Leona va Qirg‘izistonning BMT huzuridagi Jenevada joylashgan doimiy vakillari so‘zga chiqdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech