15-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan Inson huquqlari bo‘yicha Malayziya komissiyasi komissari Nur Azia Mohd Aval o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Professor Nur Azia Mohd Aval kuni kecha, ya’ni 2024-yil 13-14-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo ayollari forumida ishtirok etgani haqida so‘z yuritib, ushbu nufuzli xalqaro anjumandan olgan taassurotlariga to‘xtaldi. Mo‘tabar mehmon mazkur Forumga «Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv» degan mavzu bejiz tanlanmaganiga urg‘u berar ekan, ayni masalalar bugungi kunda Osiyo qit’asining barcha hududlari uchun birdek dolzarb ekanligini ta’kidladi.
Malayziyalik ekspertning fikricha, Samarqand forumi ayollar huquqlarini ta’minlash va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish masalalariga ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik jiddiy e’tibor qaratishi uchun muhim turtki bo‘ldi. U O‘zbekistonning ana shu o‘ta muhim mavzularda ochiq munozaralar tashkil etish borasidagi tashabbusini yuqori baholadi.
Nur Azia Mohd Aval O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish, xususan, atoqli allomalar Muhammad ibn Iso Termiziy va Muhammad Buxoriy merosini o‘rganishning ahamiyati juda muhimligini qayd etdi. Shu ma’noda, Malayziya bilan Imom Buxoriy nomidagi O‘zbekiston Islom instituti o‘rtasida yaqinda imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bu borada birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish uchun xizmat qiladi.
Uchrashuv doirasida, shuningdek, majburiy mehnat bilan bog‘liq umumiy muammolarni muhokama qilish imkoni tug‘ildi. Ikkala davlat ham majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik tamoyiliga sodiqligi, bu boradagi normalar ularning Konstitutsiyalari va qonunlarida o‘z aksini topgani e’tirof etildi. Muloqot davomida atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari ham ko‘rib chiqilar ekan, bu muammolarning inson huquqlari va bolalar huquqlariga ta’siriga alohida ahamiyat qaratildi.
Professor Nur Azia Mohd Aval 2024-yil 13-14-iyun kunlari Samarqand shahrida “Ekologik tahdidlar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagini belgilash va barqaror yechimlar topish” mavzusida o‘tkaziladigan forumda nutq so‘zlash taklifiga rozilik bildirdi. U bo‘lajak nutqida Malayziyaning atrof-muhitga oid muammolarni hal qilish va ularning inson huquqlariga nisbatan salbiy ta’siriga barham berish borasidagi ilg‘or tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
Uchrashuv O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida inson huquqlarini rag‘batlantirish, ayollar huquqlari, mehnat huquqlari va ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalarini hal etish borasida o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.05.2024
- Ko'rishlar: 1914
- Chop etish